Buxoroda yangi oliy ta`lim muassasasi tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Buxoroda psixologiya va xorijiy tillar universitetini tashkil etish to`g`risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Qarorga muvofiq, Kogon tumanida tashkil etiladigan universitetda o`qitish O`zbekistonda amalda mavjud ta`lim shakllari hamda o`zbek, rus va ingliz tillarida to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o`zlashtirish ko`rsatkichlari yuqori bo`lgan farzandlari tanlov asosida bepul o`qishga qabul qilinadi.
Universitet granti asosida o`qishga tavsiya qilinadigan mazkur toifadagi abiturientlar ajratilgan kvotaning 10 foizidan kam bo`lmagan qismini tashkil etadi.
Bundan tashqari, universitetda bakalavriat bosqichi uchun quyidagi yo`nalishlar tashkil etiladi:
- Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili;
- Filologiya va tillarni o`qitish: rus tili;
- Filologiya va tillarni o`qitish: ingliz tili;
- O`zga tilli guruhlarda rus tili;
- Maktabgacha va boshlang`ich ta`limda xorijiy til (ingliz tili);
- Psixologiya (yuridik psixologiya);
- Psixologiya (sport psixologiyasi);
- Psixologiya (amaliy psixologiya);
- Psixologiya (oila psixologiyasi).
Shuningdek, magistratura bosqichi uchun esa quyidagi yo`nalishlar tashkil etiladi:
- Adabiyotshunoslik: ingliz adabiyoti;
- Adabiyotshunoslik: rus adabiyoti;
- Lingvistika: rus tili;
- Psixologiya (faoliyat turlari bo`yicha);
- Psixologiya (yuridik psixologiya).
Bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari hamda to`lov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojdan hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda muassis tomonidan belgilanadi.
Universitetda ta`lim faoliyati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda lisenziya berilganidan so`ng boshlanadi.