Prezident Shavkat Mirziyoev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirishga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil 9 fevral kuni davlatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikasiya qilish, transport yo`nalishlarini kengaytirish va sifatini oshirish, sayyohlarga maqbul sharoitlar yaratish maqsadlari belgilandi.
Bu borada Samarqandning salohiyati juda yuqori. Shu bois mazkur viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha kompleks ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Samarqand tumanida turistik markaz tashkil etilmoqda. Bu so`lim maskanda 8 ta zamonaviy mehmonxona, yirik anjumanlar zali, restoranlar, bog` va sayilgohlar bo`ladi.
Ushbu turistik markazni Samarqand xalqaro aeroporti, temir yo`l vokzali, Imom Buxoriy maqbarasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan bog`laydigan ko`chalar ta`mirlanmoqda.
Samarqand shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida 10 ta yangi mehmonxona barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbari taqdimot bilan tanishib, transport, yo`l va kommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish, Samarqand shahrini obodonlashtirish, savdo va xizmatlarni kengaytirish bo`yicha topshiriqlar berdi.






