AsosiyJamiyat

Samarqandda 5 kishi pomidor konservadan zaharlandi. Ulardan biri vafot etdi

'Samarqandda 5 kishi pomidor konservadan zaharlandi. Ulardan biri vafot etdi'ning rasmi

Samarqand viloyatining Bulung`ur tumanida yashovchi besh nafar fuqaro uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservadan zaharlangan va oqibatda 20 yoshli fuqaro vafot etgan. Bu haqda viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatiga tayanib, «Daryo» xabar qildi.

Ta`kidlanishicha, voqea sodir bo`lgan kuni — 2021 yil 7 fevralda zaharlanganlardan biri A.T.ning uyida hashar bo`lgan. Hashar tugaganidan so`ng soat taxminan 12:00 da hasharchilar pomidorli konserva iste`mol qilgan.

Hashardan uyiga qaytgan I.E. sog`lig`i yomonlashgani bois shu kuni soat 20:00 da tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Tuman TTBga qarashli qabul bo`limiga olib kelinib, botulizm tashxisi bilan reanimasiyaga yotqizilgan.

Fuqaro A.T. esa o`zi shifokor bo`lgani sababli 1963 yilda tug`ilgan G.T, 1995 yilda tug`ilgan Sh.T. va 1974 yilda tug`ilgan B.B.larda bosh aylanishi, ko`ngil aynishi, holsizlik, bir narsani ikkita yoki to`rtta ko`rish belgilari namoyon bo`lgach barchaga birinchi tibbiy yordam ko`rsatgan.

Shundan so`ng soat taxminan 21:00 da tez tibbiy yordamga murojaat qilib, Bulung`ur TTBga botulizm tashxisi bilan yotqizilgan.

Fuqarolar A.T., G.T., va B.B. disfoniya, ptoz, nistagm belgilari bilan botulizmning o`rta og`ir formasida deya Bulung`ur tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga yotqizilgan. Bemor Sh.T.ning ahvoli og`irligicha qolmoqda. U sun`iy nafas olish apparati yordamida muolaja olmoqda.

Intensiv davo muolajalari hamda botulizmga qarshi zardob berilishiga qaramasdan, 20 yoshli I.E.ning ahvoli tobora og`irlashib, 8 fevral kuni soat 03:30 da vafot etgan.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Latif Rustamovning ta`kidlashicha, fuqaro A.T. xonadonida 2020 yilda tayyorlangan pomidorli konserva namunalari olinib, bakteriologiya laboratoriyasiga etkazilgan. Hozirgi kunda targ`ibot va tashviqot ishlari davom etmoqda.

«10 fevral kuni ‘Mingtepa’ mahallasida istiqomat qiluvchi 34 ta xonadonda yashovchi 142 nafar aholi bilan botulizm kasalligi bo`yicha suhbat o`tkazildi. Xonadonlardagi qo`lbola tayyorlangan 74 ta 184 litr pomidordan qilingan marinovkalar borligi aniqlanib, barchasi utilizasiya qilindi», — deydi Latif Rustamov.

    Boshqa yangiliklar