Koreya Respublikasida ishlash vaqtida mehnat ta`tili olib O`zbekistonga kelgan fuqarolar pandemiya sababli ish joyiga qaytolmayotgan edi.
Koreya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi va Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ushbu fuqarolardan yana 23 nafariga ushbu davlatga uchib ketishi uchun ko`maklashildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar bermoqda.
Ta`kidlash lozim, pandemiya davrida Koreya Respublikasiga kirib borish uchun karantin joyi tasdiqlangan va ruxsat berilgan fuqarolargina ushbu davlatdagi ish joyiga qaytib bormoqda.
Eslatib o`tamiz, 10 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari E.Muhitdinov, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i M.Mamatxonov va Koreya Respublikasining O`zbekistondagi elchisi Kang Je Kvon o`rtasida uchrashuv tashkil etilib, unda mehnat migrasiyasi masalasi muhokama qilingan edi.






