Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov iqtidorli talabalar uchun ta`sis etilgan nomdor stipendiyalar saralanishidagi korrupsion holatlar va qarindosh-urug`chilik aloqalari borasida jiddiy tekshiruvlar boshlanishi haqida ma`lum qilgan. kun.uz sayti bergan xabar ko`ra, vazir bu haqda 8 fevral kuni vazirlik tizimidagi boshqaruv kadrlari uchun o`tkazilgan videokonferensaloqa yig`ilishida ma`lum qilgan.
«Bugun (8 fevral kuni – tahr.) 100 mingdan ortiq a`zosi bo`lgan kanalda Guliston davlat universitetiga tegishli bir xabar chiqdi. «Tarix takrorlanmoqda. Olaveringlar, eyaveringlar», deb boshlanadi xabar.
Unga ko`ra, talabalardan biri shu universitetda nomdor stipendiyaga ega chiqqan deyarli barcha talabalar universitet rahbariyatining farzandi yoki qarindoshi ekani haqida yozgan.
Men to`rt kun oldin Guliston davlat universitetida ijro apparati boshlig`iga topshiriq bergandim. U universitetdagi nomdor stipendiantlarning ob`ektivka ma`lumotnomasini kadrlar bo`limi boshlig`iga tasdiqlatib, menga berishi kerak edi. Qarang, shu topshiriqni bugungi xabar chiqishini bilgandek bergan ekanman. Xudo ko`nglimga solgan ekan. Men endi bu xabarni o`zim borib tekshiraman», – degan vazir.
Abduqodir Toshqulovning aytishicha, 8 fevral kuni unga Toshkent davlat pediatriya tibbiyot institutidan ham shu mazmunda murojaat bo`lgan.
«Ibn Sino stipendiyasiga o`tgan tanlovlarda adolatsizliklar bo`lgani haqida menga murojaat bo`ldi. Murojaat qilgan bolani ko`rsangiz, u vunderkind. Ustozi bilan vazirlikka kelgan. Hammasini bayon etib berdi u.
Bugun topshiriq beraman. Nomdor stipendiantlar bo`yicha Bosh prokuraturaga vazirlik xati qilinadi.
Prokuratura barcha stipendiantlarning universitetlar rahbariyatiga aloqadorligi, tanish-bilishchilik holatlarini tekshirib beradi», degan u.
Vazirning eslashicha, u Termiz davlat universitetida rektor sifatida ish boshlaganida universitet kassasida kamomadlar juda ko`p bo`lgan.
«Bir ogohlantirdim, ikki ogohlantirdim, bo`lmadi. Shundan keyin holatni o`zim prokuraturaga yozib berdim. Tekshiruvlarda 60 million kamomad aniqlandi. Shu bilan iqtisodiy kamomadlar yo`qoldi. Prokuratura barchasini to`lattirdi. Jarima soldi.
Buni ham prokuratura aniqlab bersin. Agar men tayinlanganimdan keyin ham shunday tanish-bilishchilik aniqlansa, hamma javob beradi. Oliy ta`limda bo`lsa oliy ta`lim, vazirlik bo`lsa vazirlik.
Bugun Bosh prokuraturaga xat ketishi kerak. Joylardagi oliy ta`lim muassasalarini joylardagi prokuratura, bu erda bo`lsa bu erdagi prokuratura tekshiradi.
Ha, «o`zining tizimini o`zi prokuraturaga berdi», deydiganlar ham chiqadi. Lekin men orqadan pichoq uradigan odamni bilishim kerak», – ta`kidlagan vazir.






