AsosiyJamiyat

Gazdan foydalanishda sodir bo`ladigan baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi

'Gazdan foydalanishda sodir bo`ladigan baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi'ning rasmi

Hukumat qarori (64-son, 11.02.2021 y.) bilan Gazdan turmushda foydalanishda sodir bo`ladigan baxtsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.  Bu haqda ADliya vazirligi xabar bermoqda. 

Nizomga ko`ra, baxtsiz hodisa yuz berganda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo`linmalariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar (Ichki ishlar va prokuratura organlari)ga, shuningdek, “Hududgazta`minot” AJning hududiy gaz ta`minoti tashkilotlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga zudlik bilan xabar berishlari lozim.

Baxtsiz hodisa sodir bo`lishi natijasida:  

➖ uch nafargacha shaxs (shu jumladan, uchinchi shaxsni hisobga olganda) hayotiga yoki sog`lig`iga ziyon etgan yoxud halok bo`lgan taqdirda, buning sabablarini tekshirish tuman (shahar) hokimining qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan o`rinbosari rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan;

➖ etti nafargacha shaxslar (shu jumladan, ettinchi shaxsni hisobga olganda) hayotiga yoki sog`lig`iga ziyon etgan yoxud halok bo`lgan taqdirda – Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan o`rinbosari rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan;

➖ sakkiz nafar yoki undan ortiq shaxslar hayotiga yoki sog`lig`iga ziyon etgan yoxud halok bo`lgan taqdirda – Vazirlar Mahkamasi farmoyishi asosida tegishli Bosh vaziri o`rinbosari yoki Bosh vazir maslahatchisi rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish bo`yicha tuziladigan tegishli komissiyaning tarkibiga quyidagi vazirlik va idoralar vakillari kiritilishi shart:

● Favqulodda vaziyatlar vazirligi (hududiy bo`linmalari);

● Energetika vazirligi;

● “Hududgazta`minot” AJ (hududiy gaz ta`minoti tashkilotlari);

● Sanoat xavfsizligi davlat qo`mitasi (hududiy bo`linmalari);

● Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi (hududiy bo`linmalari), (baxtsiz hodisa ko`p kvartirali uylarda sodir bo`lganda);

● Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (hududiy bo`linmalari),  

(baxtsiz hodisa tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi yoki neft mahsulotlaridan foydalanishda sodir bo`lganda);

● Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (hududiy bo`linmalari) (baxtsiz hodisa qattiq yoqilg`i turlari (ko`mir va ko`mir mahsulotlari)dan foydalanishda sodir bo`lganda).

Komissiya tomonidan amalga oshirilgan tekshirish natijalari yuzasidan 15 ish kunidan ko`p bo`lmagan muddatda komissiya tomonidan tekshirish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.  

Baxtsiz hodisalar Energetika vazirligi tomonidan hisobga olinadi.

Turar joylar, shu jumladan ko`p kvartirali uylarda yong`in sodir bo`lganda tekshirish Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar