Xalq ta`limi vazirligi pensiya yoshida bo`lgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari saqlanib qolinishi va unga mos ravishda oylik maoshlari to`lanishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
"Xalq ta`limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Ta`lim muassasalarida pensiya yoshida bo`lgan pedagog kadrlarning malaka toifalari va lavozimlari saqlab qolinishi, shuningdek, ularning malaka toifalari va lavozimlariga mos ravishda oylik ish haqi to`lovlarini amalga oshirilishi bo`yicha yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida barcha hududiy boshqarmalarga ko`rsatma berdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 392-son qarori (kuchga kirish sanasi 2019 yil 14 may) bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta`lim muassasalari pedagog kadrlarini attestasiyadan o`tkazish tartibi to`g`risida”gi nizomning 7-bandida attestasiya sertifikati muddati tugamagan pensiya yoshida bo`lgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari ta`lim muassasalarida ishlagan davrida saqlanib qolinishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur Nizomning 79-bandiga ko`ra pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ushbu Qaror kuchga kirgan sanada, ya`ni 2019 yil 14 may sanasida, attestasiya sertifikati muddati tugamagan pensiya yoshida bo`lgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari saqlanib qolinadi (agar pensiya yoshida bo`lgan pedagog kadrlar keyinchalik attestasiyaga o`z xohishiga ko`ra jalb etilib, malaka toifasi o`zgarmagan bo`lsa) hamda malaka toifasiga mos ravishda ish haqi to`lovlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur Qaror kuchga kirgan vaqtgacha, ya`ni 2019 yil 14 may sanasigacha, malaka toifa sertifikati amal qilish muddati tugagan pensiya yoshida bo`lgan pedagog kadrlar attestasiyaga oxirgi malaka toifasi bo`yicha jalb etiladi hamda mazkur Nizomning 80-bandiga asosan attestasiyadan o`tgunga qadar ularga mutaxassis, oliy yoki o`rta maxsus, kasb-hunar ma`lumotli o`qituvchi lavozimi bo`yicha haq to`lanadi", - deyiladi rasmiy xabarda.






