2020 yilda «snos»lar tufayli buzilgan mulklarning 55 foiziga kompensasiya to`lanmagan. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinov ma`lum qildi.
Prokuratura organlari tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalari olib qo`yilishi munosabati bilan buzilgan mulklar bo`yicha etkazilgan zararlarning qoplanishi tahlil etildi.
2020 yilning 1 yanvar holatiga buzilgan mulklar bo`yicha kompensasiya to`lovlaridan qariyib 443 mlrd. so`m qarzdorlik mavjud bo`lgan, biroq o`tgan yilda bu qarzdorlikning atigi 202 mlrd. so`mi yoki 45 foizi mulk egalariga qoplab berilgan, xolos.
Ma`lumot uchun: to`langan qarzdorlikning 151,5 mlrd. so`mi naqd pul, 10,7 mlrd. so`mi er berish, 39,2 mlrd. so`mi mulk berish hisobiga to`g`ri kelgan.
Shu bilan birga, hududiy hokimliklar tomonidan buzilishlar bo`yicha qabul qilingan 52,6 mlrd. so`mlik 196 ta qarorlarning 76 tasi yoki 39 foizi bo`yicha amaldagi tartibga rioya etilmagan.






