AsosiyJamiyat

Senatorlar mahalliy Kengashlar deputatlari bilan uchrashdi

'Senatorlar mahalliy Kengashlar deputatlari bilan uchrashdi'ning rasmi

Shu kunlarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarda bo`lib, aholi, xususan yoshlar hamda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan uchrashuvlar o`tkazmoqda va fuqarolar murojaatlarini joyiga chiqib o`rganmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Jumladan, Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Mahmudjon Parpiev hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanov xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputatlari va doimiy komissiyalari raislari, viloyat mahalliy Kengashi kotibiyati hamda siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashdi.  

Unda Prezidentimizning Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag`allikni qisqartirish dasturlari, shuningdek, mazkur yo`nalishda joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni izchil yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e`tibor qaratildi.

Qolaversa, parlament yuqori palatasining o`n ikkinchi yalpi majlisida ko`rib chiqilgan masalalar, ma`qullangan qonunlar, ularning ijrosini ta`minlashda tegishli mutasaddilar mas`uliyatini oshirish to`g`risida so`z yuritildi.

Xususan, saylov qonunchiligini takomillashtirishga doir yangiliklarning mamlakatimiz siyosiy hayotidagi ahamiyati, Jinoyat va Jinoyat-prosessual kodekslari hamda boshqa qonun hujjatlariga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalar, jumladan, voyaga etmaganlarning huquqlarini mustahkamlashga oid normalarning mazmun-mohiyati, tubdan takomillashtirilgan auditorlik faoliyatiga oid qonunchilikning iqtisodiyotimiz ravnaqidagi o`rni, 30 iyulni mamlakatimizda “Xalqlar do`stligi kuni” sifatida belgilashga oid qonun mohiyatiga urg`u berildi.

Bundan tashqari, yoshlarni qo`llab-quvvatlash bilan birga aholi salomatligini mustahkamlash borasida tizimli ishlarni olib borishda jamoatchilik va deputatlik nazorati institutlaridan samarali foydalanish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Deputatlar tomonidan saylov okruglarida bo`lib o`tgan uchrashuvlarda ko`tarilgan masala va muammolarga echim izlashda tashabbus ko`rsatishayotganiga qaramay, murojaatlarni hal etishda tegishli mutasaddilarda mas`uliyat etishmayotgani, aksariyat hollarda deputatlik so`rovlariga bepisandlik bilan qaralayotgani tanqid ostiga olindi.

Jumladan, “26-Sardoba” saylov okrugidan deputat Abduvohid Azizov ko`targan bir qator masalalar hamon ijobiy hal etilmagan. Hududdagi yo`llar ta`mirtalab. Bundan aholi, ayniqsa, o`quvchilar jabr ko`rmoqda. Ko`chalarga transformator o`rnatish bo`yicha masalaga elektr ta`minoti korxonasidan amaliy javob yo`q. ”Baynalmilal” mahalla fuqarolar yig`ini uchun hanuzgacha idora topilmayapti. Ikki sotixli xonadonlarning aksariyatida to`rttagacha xo`jaliklar (oilalar) yashashga majbur bo`lmoqda. Ularga sayyor qabullarda ajratilishi aytilgan uy-joylar ham hozircha amalga oshmayapti.

“16-Sharshara” saylov okrugidan deputat Shamsiddin Qayumovning o`tgan 2020 yil davomida tegishli tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga yuborgan 40 dan ziyod deputatlik so`rovlaridan ettitasiga umuman javob qaytarilmagan. Shuningdek, javob xatlaridan beshtasiga xalq vakili qoniqish hosil qilmagan. Deputat o`z saylov okrugi hududida joylashgan maktablarni o`rganish jarayonida ta`lim sifati talabga javob bermasligini ta`kidladi. Ma`lum bo`lishicha, 46-sonli umumta`lim maktabida so`nggi 30 yil ichida atigi 26 nafar bola oliy ta`lim muassasasiga o`qishga qabul qilingan xolos. Buni yillar kesimida olganda, aqalli bir nafar o`quvchiga ham to`g`ri kelmasligi g`oyat achinarlidir.

Shuningdek, uchrashuvda Oliy Majlis Senatining 2021 yildagi ustuvor yo`nalishlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan birgalikda olib boriladigan vazifalari ham muhokama etilib, bu jarayonda deputatlar tomonidan qayd etilgan og`riqli muammolar echimi yuzasidan hisobdor tashkilot va muassasalar rahbarlaridan mas`uliyat so`ralishi, kelgusida ularni hal etish choralari ko`rilishiga e`tibor qaratilishi bildirildi.

    Boshqa yangiliklar