Shavkat Mirziyoev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha loyihalar bilan tanishgan edi. Mazkur taqdimot chog`ida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma`lumot berildi. Davlatimiz rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha bo`yicha yana bir bor o`z tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergandi.13 fevral kuni Imom Buxoriy majmuasida O`zbekiston Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar mas`ullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir o`tkazildi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qur`on tilovat qilinib, qurbonlik amalga oshirildi. Loyiha yuzasidan jamoatchilikka batafsil ma`lumot berildi. Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko`rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun etarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish ko`zda tutilgan. Sakkiz ming o`rinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida to`rtta ulkan minora qad rostlaydi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qo`shimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi. Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga to`la mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiena shoxobchalari quriladi. Yana bir e`tiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu erdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon etkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, o`z holida saqlash uchun barcha zarur choralar ko`riladi. Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamg`arma mablag`lari hisobidan tashkil etiladi. Muloqot chog`ida mazkur muqaddas qadamjoni nafaqat xalqimiz, balki dunyo ahli kelib ziyorat qiladigan maskanga aylantirishga davlatimiz rahbari doimiy ravishda alohida e`tibor qaratayotganligi ta`kidlandi. Jamoatchilik vakillari Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ish zaminimizdan etishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy-ma`naviy merosidan dunyo ahlini bahramand etish, O`zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini va bu savobli ishga xalqimiz ham faol ishtirok etishini bildirdilar.