AsosiyJamiyat

Davlat aktivlarini xususiylashtirish yanada soddalashadi

'Davlat aktivlarini xususiylashtirish yanada soddalashadi'ning rasmi

Prezident tomonidan 11 fevral kuni «Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to`g`risida»gi Farmon imzolandi.

Prezidentning 27.10.2020 yildagi PF–6096-son Farmoniga muvofiq hamda iqtisodiyotga xususiy investisiyalarni jalb qilishni jadallashtirish maqsadida xalqaro konsalting, auditorlik va investisiya maslahatchilari, investisiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni (keyingi o`rinlarda – xalqaro tashkilotlar) jalb etgan holda davlat aktivlarini xususiylashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish amaliyoti boshlangan.

Hujjatda belgilanishicha, xalqaro tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o`rinlarda – Agentlik) yoki «UzAssets» investisiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi, bunda ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan o`tkazish talab etilmaydi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oralig`i savdo jarayonida mo`ljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi. Shuningdek baholash tashkilotining baholash to`g`risidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlang`ich narxi sifatida majburiy belgilash to`g`risidagi talab amal qilmaydi.

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o`tkazish bo`yicha davlat komissiyasiga quyidagilar bo`yicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi.

davlat aktivlarining boshlang`ich narxini e`lon qilmagan holda sotish to`g`risida e`lonlar berish;

ikkitadan kam bo`lmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish (baholash to`g`risidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qat`i nazar).

Agentlikka manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 avgustga qadar davlat mulkini xususiylashtirishda baholovchi tashkilotlarni tanlash, ularning xizmatlari qiymatini aniqlash va to`lashning eng yaxshi tijorat takliflarini tanlab olish tartibini joriy etish topshirildi.

Boshqa yangiliklar