Telegram messendjeridagi "BUKHARA NEWS" kanaliga viloyat Endokrinologiya dispanseri tomonidan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jalb qilingan tibbiyot xodimlariga kunlik 6% qo`shimcha to`lovlar to`lab berilmaganligi yuzasidan qoldirilgan murojaat, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda ko`rib chiqildi.
Inson huquqlarini himoya qilish bo`limi boshlig`i Tuyg`un Azimovning ma`lum qilishicha, mazkur murojaatni o`rganish davomida viloyat Endokrinologiya dispanseri tomonidan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jalb qilingan 11 nafar tibbiyot xodimlarining oylik ish haqiga jami 7 996 168 so`m kunlik 6% qo`shimcha to`lab berilmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, O`zbekiton Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-5969-son Farmonining 17-bandida sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo`shimcha to`lovlar joriy qilishi, 2020 yil 26 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo`llab-quvvatlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4652-sonli Qarorining 2-bandida belgilansinki, maxsus to`lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan 2020 yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to`lab berilishi belgilangan..
Shuningdek,O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining 30.04.2020 yildagi 0-sonli yig`ilish bayoni bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish talablariga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo`shimcha moddiy rag`batlantirish tartibi to`g`risidagi VAQTINChALIK NIZOM” talablari asosida to`lov amalga oshiriladi belgilangan.
Shunga ko`ra, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari, uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan Buxoro viloyat Endokrinologiya dispanseriga taqdimnoma kiritilishi natijasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jalb qilingan
11 nafar tibbiyot xodimlariga jami 7 996 168 so`m kunlik 6% qo`shimcha to`lovlarni to`lab berilishi ta`minlandi.






