Oliy Majlis quyi palatasining deputati Rasul Kusherbaevning ma`lumotiga ko`ra, 1999 yili Denov tumani hokimining qarori bilan «Orzu K» nomli tadbirkorlik sub`ektiga savdo markazi uchun er ajratib berilib, tadbirkor tomonidan savdo markazi qurilgan. So`ng 2003 yildagi Hukumat qaroriga asosan savdo markazining 51 foizi majburiy ravishda tadbirkordan olinib, hokimiyatga o`tkaziladi. 2017 yili esa ushbu savdo markazi hududida yong`in chiqib, engil konstruksiyali do`konlar yonib ketadi. Savdo markazining qolgan qismi qoladi.
Aynan o`sha kunlarda savdo markaziga tashrif buyurgan sobiq viloyat hokimi E.Turdimov «joyni olib, to`liq hokimiyatga o`tkazinglar!», degan topshiriq beradi. Bu topshiriq ijrosini ta`minlash maqsadida Denov tumani hokimligi tadbirkor hisobiga qurilgan savdo markazini olib, «Xalqabod-Denov» nomli MChJga o`tkazish haqida qaror qabul qiladi.
Biroq uzoq sudlashuv natijasida bu qaror o`zgartirilib, joy ilgarigi egasiga qaytariladi.
Joyni tortib olishga bo`lgan urinishlar bu bilan to`xtamaydi.
Tumanga yangi kelgan hokim va deputatlar boshlig`i R.Pardaev yaqinda Xalq deputatlari Denov tumani Kengashidagi deputatlar ixtiyoriga amalda 49 foiz ulushga egalik qilib kelayotgan tadbirkorga tegishli savdo markazini olib qo`yib, boshqa sub`ektga berib yuborish haqida qarorni tasdiqlashni kiritadi.
"Ushbu qarorga asos sifatida go`yoki bir qator tadbirkor, fuqarolarning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga hamda yuqori turuvchi organlarga qilgan murojaatlari asos ekan.
Bunaqa «genialny» g`oyalar keladigan hokim va deputatlarni boshiga qoyil! Fuqarolar qonuniymi yo`qmi nima so`rasa ham muhayyo qilib qaror chiqarib beraveradigan deputatlar kengashi paydo bo`libdimi?
Shu joyiga qonunlardan bexabar, xususiy mulk daxlsiz degan Konstitusiyaviy qoidadan bexabar tuman hokimini bo`shatish haqida ham fuqarolardan murojaat bo`lsa deputatlar mard bo`lib, bo`shatishga qaror qila olisharmikan?
Odamlar eshikma eshik, yillab sarson yuradi. Bu sarsongarchilikka ko`z yumib yurgan hokim va qo`l ostidagi deputatlar esa kimnidir mulkini tortib olishdek yog`li ishga kelganda fuqarolarning murojaatlarini asos qilib, shartta qaror chiqarib yuborsa-ya. Kimdir kimdirni «buyurtmasi»ni bajarayotganga o`xshamayaptimi?
Xullas kulishniyam yig`lashniyam bilmaysan: biz haliyam nafsi vijdonidan ustun, qonunlarni hurmat qilmaydigan hokimlari bor, hokimi nima desa ko`zni yumib tasdiqlab beraveradigan, qo`rqoq deputatlari bor jamiyatda yashayapmiz shekilli", - deydi deputat.
R.Kusherboev amaldorlar, shu jumladan hokimlar qonunlarni hurmat qilib, shaxsiy manfaati yo`lida buzishni to`xtatmasa rivojlanish bo`lmasligidan, investisiya kiritilmasligidan ogohlantirmoqda.
"Surxondaryo viloyatining Denov tumani hokimiyati buni tushunishi kerak. Birovning mulki tortib olinishiga va shu orqali noqonuniy qaror qabul qilinishiga uxlab o`tirib, ovoz berayotgan tuman kengashi deputatlari ham uyg`onishi kerak", - deya ta`kidlaydi xalq vakili.






