“O`zdavkarantin” inspeksiyasi 2021 yil 12 fevraldan boshlab Turkiya davlatining Bursa hududidan O`zbekiston Respublikasiga pomidor va qalampir urug`liklari eksporti uchun vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Bu haqda “O`zdavkarantin” inspeksiyasiAxborot xizmati xabar berdi.
Bunga sabab, mazkur hududda joylashgan BURSA TOHUMCULUK ZIRAAT VE TIC.A.S. korxonasidan O`zbekiston Respublikasiga keltirilgan 85 kg pomidor urug`ligida “Pomidor jigarrang bujmayish virusi” (Tomato brown rugouse fruit virus) aniqlandi.
Holat yuzasidan 2021 yil 11 fevralda O`zbekiston Respublikasiga karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda belgilangan fitosanitariya talablari buzilganligi to`g`risidagi notifikasiya (xabarnoma) Turkiya davlatining o`simliklar karantini va himoyasi bo`yicha milliy tashkilotiga yuborildi.
Bugungi kunga qadar Turkiyaning vakolatli organidan “O`zdavkarantin” inspeksiyasiga javob xati kelib tushmagan.
Pomidor va qalampir mahsuloti urug`ligiga qo`yilgan vaqtinchalik cheklov O`zbekiston Respublikasining “O`simliklar karantini to`g`risida”gi Qonuni va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 fevraldagi 99-sonli qarori ilovasining 16-bandiga ko`ra o`rnatildi.
Import bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar ekish materiallari, ko`chat hamda urug`liklarni respublika hududiga olib kelish jarayonida O`simliklar karantini davlat inspeksiyasini oldindan xabardor qilishlari maqsadga muvofiq. Bunda, mahsulot import qilingunga qadar eksportyor davlatning karantin xizmati bilan “O`zdavkarantin” inspeksiyasi mas`ullari bog`lanib, mahsulot haqida batafsil ma`lumot to`planadi.
“Pomidor jigarrang bujmayish virusi”ning O`zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Inspeksiya tomonidan qat`iy fitosanitar nazorat tadbirlari davom etmoqda.






