AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi vakili xalqaro konvensiyaning ijro etuvchi organi a`zosi etib saylandi

'O`zbekiston Respublikasi vakili xalqaro konvensiyaning ijro etuvchi organi a`zosi etib saylandi'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Evropa Iqtisodiy komissiyasi rahnamoligi ostida 1975 yil noyabr oyida Jeneva shahrida bo`lib o`tgan konferensiyada Xalqaro yo`llarda tashish kitobchasini qo`llagan holda yuklarni xalqaro tashish to`g`risidagi bojxona konvensiyasi ko`rib chiqilgan. Ushbu konferensiya qatnashchilarining ko`pchilik ovozi bilan xalqaro yuk tashish qonun-qoidalari qabul qilinib, shundan buyon u asosiy universal tranzit tizimlaridan biri bo`lib qolmoqda.

O`zbekiston Respublikasi ushbu konvensiyaga 1996 yil 28 martda a`zo bo`ldi. Ushbu konvensiyasining asosiy g`oyasi va prinsiplari ko`plab boshqa tranzit tizimlarini asosi hisoblanadi. Shu bilan birga, u bevosita yoki bilvosita xalqaro transportda yuk tashishga to`liq va avtomobilda yuk tashishda qisman soddalashtirishda nafaqat Evropa va O`rta Sharqda, balki Afrika va Lotin Amerikasi mintaqalarida ham yordam bermoqda.

Bugungi kunda, O`zbekiston Respublikasi Konvensiyaga a`zo 77 ta davlatlar o`rtasida TIR Karnet kitobchalaridan eng ko`p foydalanadigan davlatlardan biri hisoblanadi va bu borada 6 o`rinni egallaydi. Respublikamiz hududida xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan har uchinchi avtomobil transporti TIR Karnet kitobchasi asosida tashuvlarni amalga oshiradi.

TIR Karnet kitobchasi – bojxona maqsadlarida foydalaniladigan, tovarlarni avtomobil transportida xalqaro tashish uchun mo`ljallangan 
va kafolat bilan ta`minlangan xalqaro yuk-kuzatuv hujjati hisoblanadi.

Joriy yil 11 fevral kuni Konvensiyaning Ijro etuvchi kengashi a`zoligiga saylovlar o`tkazildi.

Konvensiyaga muvofiq, Ijro etuvchi kengash – Konvensiyaning nazorat organi hisoblanib, TIR Karnet kitobchalari asosida amalga oshiriladigan xalqaro tashuvlarda qatnashadigan barcha tomonlarni Konvensiya qoidalariga rioya qilishini ta`minlovchi transport va bojxona sohasidagi nufuzli organ hisoblanadi.

O`tkazilgan saylovlarda 54 ta davlatlarning vakillari qatnashgan bo`lib, Ijro etuvchi kengashning 9 ta a`zolari saylandi. Ovoz berish natijalariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasidan ilk marotaba Konvensiyaning Ijro etuvchi kengashi a`zoligiga 2021-2022 yillar uchun Davlat bojxona qo`mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Kabulov Rustam Kaxramonovich saylandi.

Shuningdek, ushbu organ a`zosi sifatida O`zbekiston vakilidan tashqari qo`yidagi nomzodlar saylandi:

1. Sergey Amelyanovich (Rossiya Federasiyasi); 

2. Mostafa Ayati (Eron Islom Respublikasi); 

3. Marko Champi (Italiya);

4. Pierri-Djin Labori (Evropa Komissiyasi);

5. Xugo Richard Mayer (Avstriya);

6. Farid Valiev (Azerbaydjan);

7. Pinar Yalchin Bastirmachi (Turkiya);

8. Karolin Zuidgist (Niderlandiya).

    Boshqa yangiliklar