Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalinish holatlari yana ko`paya boshlagani, xususan, britancha shtamm tobora keng tarqalayotgani uchun qator shifoxonalar qayta ochilgani, Zangiotadagi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish kompleksi bemorlarga to`lib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanaev bilan bog`landi.
«Negadir so`nggi paytlarda mana shunday mazmundagi xabarlar ko`payib qoldi. Qizig`i, biz koronavirusga qarshi maxsus ochilgan yoki moslashtirilgan 159ta markazdan faqat 12tasi qolgani, Samarqand va Navoiy kabi viloyatlarda bunday komplekslar to`liq yopilgani haqida e`lon qilayotgan paytimizda haqiqatga zid xabarlar tarqatilyapti.
Respublikamizdagi pandemiya bilan bog`liq vaziyat barqaror, kasallikka chalinish holatlari kun sayin kamayib bormoqda, shifoxonalar yopilmoqda yoki konservasiya qilinmoqda.
Xususan, Zangiotadagi 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasining «A» blogi to`lig`icha konservasiya qilindi (ya`ni zarur holatda tezkor ishlashga shay holatda yopildi). Umumiy hisobda 700 nafarga yaqin kishi davolanayotgan bu kompleksdagi aksariyat bemorlarda PZR testlar natijasida koronavirus infeksiyasi tasdiqlanmagan. Ko`pchilik koronavirusga shubha bilan borib, boshqa mavsumiy kasalliklardan davolanyapti.
Demak, bunday asossiz xabarlarga ishonmaslik va noto`g`ri ma`lumot tarqatish uchun javobgarlik borligini yana bir bor eslatib o`tishga zarurat paydo bo`libdi», — dedi Furqat Sanaev.
Sog`liqni saqlash vazirligining so`nggi ma`lumotlariga ko`ra, pandemiya boshidan buyon O`zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 79442 nafarni tashkil etmoqda.
Ayni vaqtda tibbiyot muassasalarida 892 kishi davolanmoqda, ulardan 153 nafari og`ir, 28 nafari esa o`ta og`ir ahvolda.






