AsosiyJamiyat

“Ayritom” chegara-bojxona postida Turizm axborot markazi ishga tushdi

'“Ayritom” chegara-bojxona postida Turizm axborot markazi ishga tushdi'ning rasmi

O`zbekistonning janubiy darvozasi – “Ayritom” chegara-bojxona postida barcha sharoitlarga ega zamonaviy turizm axborot markazi tashkil etildi. 

Afg`oniston Islom Respublikasidan yurtimizga mehmonlar Surxondaryo viloyatining “Ayritom” chegara bojxona posti orqali kirib keladi. O`tgan yili mazkur post orqali 40 mingga yaqin yuk va engil avtotransport vositasi harakatlanib, kuniga o`rtacha 100-110 ta transport bojxona nazorati va ko`rigidan o`tkazilgan. 

Chegara-bojxona postining zamonaviy, ilg`or nazorat texnik uskunalari, axborot texnologiyalari bilan jihozlangani avtotransport vositalari hamda yo`lovchilarni tezkor bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o`tkazish uchun qator qulayliklar yaratildi. 

Bu erda barpo etilgan Turizm axborot markazi O`zbekistonga kelayotgan mehmonlarni mamlakatimizning boy turistik salohiyati hamda sayyohlarga xizmatlar ko`rsatuvchi sub`ektlar bilan yaqindan tanishtirish va shu erning o`zida turli xizmatlarni taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Janubdagi darvozada “Qobul–Termiz” mas`uliyati cheklangan jamiyati barpo etgan innovasion markazda O`zbekistondagi barcha turistik ob`ektlar, mehmonxonalar, transport qatnovlari, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa xizmatlar ko`rsatish tarmoqlari haqida aniq ma`lumotlar mavjud. Markazda paynet xizmatidan foydalanish, yurtimizdagi aloqa operatorlarining SIM-kartalari, suvenir va boshqa esdalik mahsulotlarni sotib olish mumkin. Transport vositasi, jumladan engil taksi chaqirish xizmati yo`lga qo`yilgan. 

“Keyingi to`rt yilda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilgan e`tibor dunyo sayyohlarini mamlakatimizga chorlamoqda,–deydi Surxondaryo viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig`i Zafar Namozov. – Ular Vatanimizning noyob tarixiy obidalari, go`zal va betakror tabiat manzaralari, shifobaxsh suvlari, so`lim go`shalari va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishmoqda. Miriqib hordiq chiqarib, sog`ligini tiklamoqda. 

Tabiat go`zalliklaridan bahramand bo`lib, o`zgacha zavq-shavq tuymoqda. Shunga muvofiq jahonning turli davlatlaridan vohaga kelayotgan mehmonlarni munosib kutib olish va ularga zamonaviy xizmatlarni taqdim etishga katta ahamiyat beryapmiz. Shu maqsadda Termiz xalqaro aeroporti, Temir yo`l vokzali, mintaqamizda yagona – Termiz arxeologiya muzeyi, “Termiz” davlat muzey-qo`riqxonasida turizm axborot markazlari faoliyati yo`lga qo`yilib, sayyohlarning xabardorligini oshirish uchun viloyatning turistik ob`ektlari va xizmat ko`rsatish shoxobchalari haqidagi ma`lumotlar joylashtirilgan edi.

 “Ayritom” chegara-bojxona postida ish boshlagan turizm axborot markazi esa mehmonlarning mamlakatimiz bo`yicha etarli ma`lumot olishiga xizmat qiladi. Yangi markaz viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan o`zbek va xorijiy tillardagi bepul turistik xaritalar, risolalar, flayerlar bilan ta`minlandi. 

Ayni paytda markazda xorijiy tillarni chuqur biladigan ikki kishi sifatli, tezkor xizmat ko`rsatib, mehmonlarni sohadagi yangiliklar, qo`shimcha xizmat shoxobchalari bilan yaqindan tanishtirmoqda. 

Bundan tashqari, joriy yilda janubdagi viloyatning Tojikiston Respublikasi chegarasidagi “Sariosiyo” bojxona-chegara postida ham zamonaviy turizm axborot markazi barpo etiladi.

    Boshqa yangiliklar