AsosiyJamiyat

Munosabat: sud tizimida nimalar o`zgardi?

'Munosabat: sud tizimida nimalar o`zgardi?'ning rasmi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan munosabatlarni shakllantiruvchi, demokratik siyosiy tizimning tarkibiy tuzilmalarini hamda fuqarolik jamiyatining asoslarini yaratuvchi, inson huquqlari kafolatlarining tizimini qaror toptiruvchi, xullas, butun ijtimoiy-siyosiy hayotimizning huquqiy negizini barpo etuvchi Konstitusiya, konstitusiyaviy qonunlar, kodekslar va ko`plab qonun hujjatlari qabul qilindi.

Mazkur qonunchilik bazasi bugungi kunda respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta`minlashda muhim asos bo`lib xizmat qilyapti. Shu bilan birga, mustaqillik yillarida yaratilgan milliy qonunchiligimizni xalqaro andozalarga va normalarga uyg`unlashtirish hamda ijtimoiy hayot bilan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar o`rtasidagi mutanosiblikni ta`minlash, milliy huquq tizimimizda yuzaga kelayotgan kollizion holatlarni oldini olish va bartaraf etish va nihoyat shu asosda qonunchilikni qo`llash samaradorligini oshirish borasida ayrim muammolar yuzaga kelayotganligini ham e`tirof etish joiz.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasida yurtimizda qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish masalalarga alohida to`xtalib, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar haqida so`z yuritdi.

Jumladan,bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilishi, odil sudlovga xos bo`lmagan ishlarni nazorat tartibida ko`rish amaliyoti bekor qilinishi hamda “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta`minlashda bosh mezon bo`lishi lozimligi Prezident tomonidan ta`kidlab o`tildi.

Navbatdagi muhim masala–fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo`yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtirilishi bo`ldi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo`yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat`iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda va sud ishlarini yuritish turlari bo`yicha alohida sudlov hay`atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi hududlarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga, fuqarolar va tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek,sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to`xtatish yoki tugatishga asos etarli bo`lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o`zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Yana bir muhim yangilik – investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investisiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko`rish bo`yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etilishidir. Investorlar o`z xohishiga ko`ra, nizoni hal qilish uchun to`g`ridan-to`g`ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkinligi tartibining belgilanishi muhim ahamiyat kasb etdi.

Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmay, “onlayn” tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, fuqarolar o`z arizalarini ko`rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo`ladi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasida belgilangan inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish va qonun ustuvorligini ta`minlashga qaratilgan amalga oshirilgan ishlar va belgilangan vazifalarning huquqiy asoslaridan biri bu “Sud qarorlarini qayta ko`rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan o`zbekiston respublikasining ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasining O`RQ-662-sonli qonuni bo`ldi.

Mazkur qonun bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksiga bir qator o`zgartish va qo`shimchalar kiritilib, investorlar huquqlarini yanada ishonchli ximoya qilish va raqobat to`g`risidagi nizolarni ko`rib chiqishga qaratilgan mexanizmlar joriy etildi.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksi “Investisiyaviy nizolar bo`yicha ishlar” nomli 27-1-modda bilan to`ldirildi va unga ko`ra, investisiyaviy nizolar jumlasiga investorlar bilan ma`muriy organlar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari o`rtasidagi ular mansabdor shaxslarining investisiya shartnomasi shartlariga rioya qilinishi bilan bog`liq qarorlariga, harakatlariga (harakatsizligiga) doir ishlar kiradi.

Shuningdek, raqobat to`g`risidagi ishlar, ya`ni 27-2-modda bilan to`ldirildi va unga ko`ra, raqobat to`g`risidagi ishlar bo`lib yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik shaxslar, xo`jalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va monopoliyaga qarshi organ o`rtasida tovar hamda moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan, ma`muriy sud sudloviga tegishli nizolar hisoblanadi.

Shu bilan birga, mazkur kodeksning 28-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, endilikda investisiya nizolari bo`yicha yirik investorning, raqobat to`g`risidagi ishlar bo`yicha tomonlarning xohishiga ko`ra ushbu toifadagi ishlar bevosita O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan, qolgan investisiyaviy nizolar investorning xohishiga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi ma`muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma`muriy sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko`rib chiqiladi.

Prezidentning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6034-sonli Farmoniga asosan, Oliy sud tuzilmasida investisiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko`rish bo`yicha sudlov tarkibi tuzildi.

Sudlov tarkibiga investisiya kiritilgan sanada yigirma million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo`lmagan miqdorda investisiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (keyingi o`rinlarda — yirik investorlar) va davlat organlari o`rtasida yuzaga keladigan investisiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko`rish vakolati berildi.

Qonun normalariga bunday o`zgartirishlarning kiritilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko`rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta`minlash mexanizmlarini, shuningdek investisiya muhitini yanada yaxshilashga, investorlar, ayniqsa yirik insvestorlarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli ximoya qilish mexanizmlarini kengaytiradi.

Xulosa o`rnida shuni ta`kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar Mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni ta`minlash, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta`minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu esa, o`z navbatida sudyalar zimmasiga o`ta muhim vazifa – odil sudlovni Konstitusiya va qonunlarga rioya qilgan holda adolat tamoyilidan og`ishmay amalga oshirish mas`uliyatini yanada oshiradi.

Suxrob Talipov va Ma`ruf Ergashev, Toshkent shahar ma`muriy sudining sudyasi

    Boshqa yangiliklar