Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda Milliy gvardiya xodimlari va ayol kishi o`rtasida tushunmovchilik bo`lgani aytilgan video tarqalgan edi.
Toshkent shahar IIBB holatga aniqlik kiritdi.
Keltirilishicha, 2021 yil 14 fevral kuni soat 01:37 da Chilonzor tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko`ra, Chilonzor tumani 18-mavzey Zargarlik ko`chasida joylashgan “Alladin” kafesida kelishmovchilik chiqqan.
Voqea joyiga Chilonzor tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektori kapitan J. Xadjimatov hamda mazkur hududda xizmat olib borgan Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati xodimlari va O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xizmatchilari etib borishgan.
Ma`lum bo`lishicha, kelishmovchilik mast holatda bo`lgan 22 yoshli Farg`ona viloyatilik D.K. va 29 yoshli Farg`ona viloyatilik R.A.lar orasida yuzaga kelgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari etib kelishganda ayollar bir-birlarini haqorat qilishda davom etayotgan edilar, shu sababli ulardan jamoat tartibini buzmaslik talab etildi. Ayollardan biri mazkur talabga bo`ysinmadi, natijada kelishmovchilikning ikkala ishtirokchilari ham ichki ishlar bo`limiga etkazildilar. Mazkur fakt bo`yicha to`plangan hujjatlar Chilonzor tuman sudiga yo`naltirildi.






