Sudlanuvchi Botir Shokirov (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`ta xavfli residivist hisoblanadi. U shu kunga qadar 5 marta sudlanib, o`n yildan ortiq umrini qamoqda o`tkazgan.
U oltinchi marta jinoyatga qo`l urayotganida ozodlikni cheklash jazosini o`tayotgan edi. Ammo qilmishidan to`g`ri xulosa chiqarib, jamiyatda o`z o`rnini topish o`rniga yana jinoyat ko`chasiga qadam qo`ydi. Uning navbatdagi jinoyati haqida Oliy sud Matbuot xizmati xabar qildi.
Gap shundaki, kunlarning birida u tanishi Vahob Alievni uyiga taklif qiladi. Mehmon kelgach, bir shisha aroq ichishdi. Ikkovlon ichkilik humoridan tanish-bilishlariga qo`ng`iroq qila boshlaydi. Xullas, o`sha kuni Botirning uyiga yana uch kishi keladi. Maishat, kayfu safoga berilgan mehmonlar xonadagi televizorga ulangan «DVD»ning ovozini balandlatishni xohlab qolishadi. Biroq qancha harakat qilishmasin, buning uddasidan chiqa olishmaydi. Keyin mehmonlardan ikki kishi uyiga ketadi.
Qolgan mehmonlardan biri xonaga kirib-chiqib turgan Botirning xotinidan ismini so`raydi. O`z navbatida, ayol buni Botirga aytadi. Bu gapni eshitgan shirakayf Botir oshxonadagi pichoqni olgancha xonaga otilib kiradi va mehmonning ko`ksiga sanchadi…
Pichoq zarbidan yigit hayotdan ko`z yumadi. Ko`zi qonga to`lgan Botir sarosimaga tushib qolgan Vahobni ham pichoq bilan jarohatlaydi. Sal vaqtdan so`ng Botir Vahobdan qotillikni bo`yniga olishni talab qiladi. Aks holda xonadan tirik chiqmasligini aytib, tahdid qiladi. Vahob jon qayg`usida uning shartiga ko`nadi…
Eng qizig`i, Botir sud majlisida aybini yashirishga qattiq harakat qildi.
Uning iddao qilishicha, go`yoki mehmon yigitni Vahob o`ldirgan emish. Vahob esa, yolg`on ko`rsatma berib, unga tuhmat qilayotgan ekan. Biroq Botirning gaplari aldovdan ibortligi jinoyat ishi doirasida to`liq tasdig`ini topdi.
Sud uning jinoyatiga yarasha qonuniy jazo tayinladi.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, aslida sodir etilgan jinoyatning ildizlari Botirning dunyoqarashiga borib taqaladi. Boshqacha aytganda, u ma`naviy dunyosi qashshoqligi tufayli shu kuyga tushdi. Binobarin, hayotda baxtli hayot kechirish uchun insonning ma`naviy dunyosi kemtik bo`lmasligi kerak.
Ayni shu jinoyat ishi misolida ma`naviyat insonga barcha illatlarga qarshi tura olishni o`rgatishi yana bir bor o`z tasdig`ini topadi. Ma`naviyat insonning ruhiy olami, imon-e`tiqodi, tafakkuri, ongi, aqlu zakovati, ilmu farosati, kiyinishi, so`zlashishi, muomalasi, tarbiyasini qamrab olgan yaxlit bir tushunchadir. Shu bois ma`naviyat odamzot bolasining eng asosiy ehtiyoji bo`lib qolaveradi. Bu — isbot talab qilmaydigan hayot haqiqatidir.






