AsosiyJamiyat

O`tgan davr uchun ish haqini sud orqali undirish mumkinmi?

'O`tgan davr uchun ish haqini sud orqali undirish mumkinmi?'ning rasmi

"Darakchi" tahririyatiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy shahrida yashovchi fuqaro Ro`zimat Matkarimovdan murojaat kelib tushdi:

— 2015-2016-2017 yillarda bir tashkilotda hisobchi bo`lib ishlaganman. O`sha kezlari “mablag` yo`q”, deya shu yillarni ish haqlari berilmagan. 2018-2019 yillarda maoshimni talab qildim, biroq foydasi bo`lmadi. O`tgan davr uchun ish haqimni undira olamanmi?

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Zaxriddin TURAEV bilan bog`landik...     

— Mehnat kodeksining 16-moddasiga muvofiq, har bir xodim o`z mehnati uchun qonun hujjatlarida Mehnatga haq to`lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo`yicha belgilanganidan oz bo`lmagan miqdorda haq olish, o`zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish huquqiga ega.

Ushbu kodeksning 268-moddasiga ko`ra, xodim mehnat nizosini ko`rib chiqishni so`rab sudga murojaat qilishi mumkin.Mehnat kodeksining 270-moddasiga binoan sudga  yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

  • Ishga tiklash nizolari bo`yicha xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab 1oy;
  • Xodim tomonidan ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararni to`lash haqidagi nizolar bo`yicha zarar etkazilgani ish beruvchiga ma`lum bo`lgan kundan boshlab 1 yil;
  • Boshqa mehnat nizolari bo`yicha xodim o`z huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi lozim bo`l­ gan kundan boshlab 3 oy.

Ushbu moddada belgilangan muddatlar uzrli sabablarga ko`ra o`tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddatlar sud yoki mehnat nizolari komissiyasi tomonidan qayta tiklanishi mumkin. Xodimning sog`lig`iga etkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo`yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.

Mazkur qonun talablaridan kelib chiqib, siz o`z mehnat huquqingizni himoya qilish maqsadida berilmagan ish haqlaringizni undirib berishni so`rab ish beruvchi yoki bevosita sudga murojaat qilishingiz mumkin. Bunday holatda qonunchilikda belgilangan sudga murojaat qilish 3 oylik muddatini uzrli sabablarga ko`ra o`tkazib yuborilganini isbotlab bergan taqdiringizda sizning to`lanmagan ish haqlariingiz sudning hal qiluv qaroriga asosan undirib berilishi mumkin.

Sadoqat Allaberganova

    Boshqa yangiliklar