Joriy yilning 16 fevral kuni soat 15:00larda, Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, “Yangiobod” MFY hududidan o`tgan, 4N-282 avtomobil yo`lining 2-kilometrida, haydovchi, 1977 yilda tug`ilgan J.H. “Neksiya” rusumli avtomobilni boshqarayotib, 1-sonli maktab ro`parasidagi piyodalar o`tish yo`lagining chap tomonidan o`ng tomoniga o`tayotgan piyoda, ushbu maktabning tayyorlov sinfi o`quvchisi, 2014 yilda tug`ilgan F.Q.ni urib yuborib, YTH sodir etgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.
Natijada, piyoda, 6 yoshli F.Q. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.
«Kun.uz» ma`lumotlariga ko`ra, avtohalokat vaqtida 1-sonli maktab o`qituvchisi G. A. piyodalar o`tish joyida o`quvchilarini olib o`tmoqchi bo`lgan. Mashina juda katta tezlik bilan kelib, bolani urib, sudrab ketib qolgan. Haydovchining IIB xodimi ekani aytilmoqda.
«Birinchi yordam ko`rsatishga ham bormadi. Birinchi menga baqirdi. Bolani u emas, mana shu erda turgan yigitlar ko`tarib mashinaga soldi» — deydi o`qituvchi.
YTH sodir bo`lgan yo`lda piyodalar o`tish belgisi o`rnatilgani ma`lum qilindi.
«Bola mashinaning tagiga kirib qoldi, sudrab ketdi u. Birinchi to`xtamoqchi emasmidi, uni oldiga to`xta-to`xta deb yugurdik. Bolani tagidan chiqarib oldik. Birinchi yordam ko`rsatish uchun mashinaga ortaylik desak, haydovchi men mashina haydolmayman, ortmayman, „skory“ kelsin dedi. Mashinadan tushmadi, domlani so`kib yotibdi. Haydovchi uchastka inspektori edi. Kiyimim qon bo`ladi, deb, bolani ustalarga tushirtiribdi», — deydi voqea guvohi M.H.
Bundan tashqari, bola kasalxonaga olib kelinganida ro`yxatga olish paytida o`zi kelgan deya yozib qo`yilgani ma`lum bo`ldi.
Hozirda bolaning ahvoli og`ir. Unga og`ir qo`shma shikastlanish, og`ir ochiq kallaning chikastlanishi, bosh miyaning o`rta og`ir darajada lat eyishi, chap son suyagining bo`yin qismida yopiq bo`laklanib sinib siljishi kabi tashhislar qo`yilgan.






