Joriy yilning 15 fevralidan 16 fevraliga o`tar kechasi “Hududgaz Xorazm” gaz ta`minoti filialining Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish bo`limi O`zbekiston Respublikasi DXXning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Urganch tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo`yicha reyd tadbirlari o`tkazildi. Bu haqda “Hududgaz Xorazm” GTF matbuot xizmati xabar bergan.
Tekshiruv davomida Urganch tumanining “Begovot” qishlog`i, “Qo`ng`irot” mahallasida joylashgan ohak ishlab chiqarish sexida yashirin yo`llar bilan, tabiiy gaz hisoblagichisiz, yuqori bosimli gaz tarmog`iga D-50 mm bo`lgan polietilen quvur yordamida noqonuniy ulanib, 10 dona qo`lbola yondirgichdan foydalangan holda ohak pishirilayotganligi aniqlandi.
Holbuki, ushbu ohak ishlab chiqarish sexi 2020 yilning qish mavsumida kafolatlanmagan iste`molchi sifatida tabiiy gaz ta`minotidan uzilgan. Xozirda mazkur iste`molchi tabiiy gaz tarmog`idan ajratilgan. Hisob-kitoblarga ko`ra, gaz ta`minoti tashkilotiga etkazilgan zarar miqdori 1,4 mlrd so`mni tashkil etdi.






