Joriy yilning 2-fevral kuni Navoiy viloyati IIB YHXB safarbarlik guruhlari tomonidan o`tkazilgan tadbirda “Cobalt” rusumli avtomashina to`xtatilib tekshirilganda haydovchida boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar yo`qligi aniqlandi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati bergan ma`lumotga ko`ra, jizzaxlik fuqaro Yu.A tomonidan boshqarib kelinayotgan avtomashina sodir etgan ma`muriy huquqbuzarligi uchun “Karmana Oq Saroy” MChJga qarashli avtomashinalar jarima maydoniga keltirilgan. Ammo vaziyatni jiddiy baholamagan haydovchi mashinani jarima maydonidan chiqarib berish evaziga YPX inspektori safdor A.O`roqovga pora tariqasida 50 AQSh dollari taklif qiladi. Xodim fuqaroning ushbu xatti-harakati qonunga zid bo`lib, buning uchun javobgarlik muqarrar ekanligini tushuntirishiga qaramay haydovchi pora taklif etishda davom etadi. Inspektor o`z vaqtida rahbariyatni ogohlantirgani bois, IIV O`XB Navoiy viloyati bo`yicha bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida pora bermoqchi bo`lgan shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan A.Yuga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






