1

Moskvada odam o`ldirgan o`ta xavfli residivist O`zbekistonga qaytib, yana bir insonning umriga zomin bo`ldi

Jinoyat 17.02.2021, 16:05
Moskvada odam o`ldirgan o`ta xavfli residivist O`zbekistonga qaytib, yana bir insonning umriga zomin bo`ldi

40 yoshli, bo`ydoq, muqaddam Rossiya Federasiyasi, Moskva oblasti, Jukovskiy shahar sudining 2011 yil 7 fevraldagi hukmiga ko`ra, Rossiya Federasiyasi Jinoyat Kodeksi 105-moddasining 1-qismi, 115-moddasining 1-qismi bilan JKning 69, 71-moddalariga asosan 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilingan, jazoni 2019 yil 23 mayda to`liq o`tab chiqqan sudlanuvchi o`ziga tegishli xulosa chiqarish o`rniga takror jinoyatga qo`l uradi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudi sudyasi Akmal Mirzaxonov xabar qildi...

Toshkent shahar, Bektemir tumanidagi uyda ikki kishi bilan birga ovqatlanib, spirtli ichimliklar iste`mol qilishadi. Shu kuni soat 21:00 larda mast holda bo`la turib, arzimagan sabab tufayli sheriklaridan biri bilan janjallashib, bir-birlarini haqoratlashga o`tadi. Shu vaqtda sherigini dastlab tanasining yuz va boshqa sohalariga urib-tepib ko`plab jarohatlar etkazadi. So`ng uni qasddan o`ldirish maqsadida qurol sifatida foydalanish uchun xonaning chiqish eshigi yonida bo`lgan bolg`ani qo`lga oladi. Tan jarohatlari oqibatida erda yotgan sherigining bosh qismiga ikkinchi sherigining ko`z o`ngida o`ta shafqatsizlik bilan bir necha marotaba urib, uni qasddan o`ldiradi. 

Shuningdek, sudlanuvchi sherigini qasddan o`ldirgandan so`ng o`sha tunda jinoiy harakatlarini davom ettiradi. Aniqrog`i, marhumning sumkasida bo`lgan 1 mln. 200 ming so`m pullarini yashirin ravishda talon-toroj qiladi va hodisa sodir bo`lgan joydan yashirinadi. 

“AFSUS-NADOMAT ChEKAYaPMAN”

Sudda sudlanuvchi ayblovga qisman iqrorlik bildirdi...

— 2000 yil avgustda ishlab pul topish maqsadida Moskvaga ketganman. Qasddan odam o`ldirganim uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilinganman. Ozodlikka chiqqach, O`zbekistonga deportasiya qilindim. Ishsiz bo`lganim uchun ishlab pul topish maqsadida, 2020 yil 20 sentyabr kuni Toshkentga, ya`ni “Qo`yliq” bozoriga bordim. 

21 sentyabrda “Qo`yliq”dagi mardikor bozoriga ishga chiqib, shu kuni o`zini “Akbar” (ism-familiyalar o`zgartirilgan) deb tanishtirgan A.Azizov bilan tanishdim. U menga ish taklif qilib, “Yangiobod ixtisoslashtirilgan” bozorida savdoga yordamchi bo`lib ishlashim, kuniga 80 ming so`mdan oyiga 2 mln. 400 ming so`mga ish haqiga kelishdik. 

22 sentyabrdan 25 sentyabrga qadar har kuni erta tongda uyg`onib, ikkalamiz birga uning boshqaruvidagi “Moskvich”da bozorga bordik. Savdo do`konlarini ochib savdoni boshlab, shu kunlari kechgacha bozorda ishlab kech soat 19:00larda yana birga uyiga qaytdik. Ovqatlanib bo`lib, dam olgani o`zimga ajratilgan xonaga kirib uxladim. Menga vazifa sifatida do`konni ochish, narsa buyumlarni do`kon oldiga olib chiqib qo`yish, u tomonidan aytilgan mahsulotini olib berib turish va oxirida yig`ishtirib do`konni yopib uyga qaytish edi. 

24 sentyabr soat 15:00larda N.Mirzaevni IIB xodimlari do`konga olib kelishdi. Akbar bilan uchrashtirib, uning olib ketgan pullari evaziga do`konida ishlab berishga kelishtirib ketishdi. Shu kuni uchchalamiz uyga kech soat 19:00 larda qaytdik. Doimgidek ovqatlanib uxladik. 

25 sentyabr kuni erta tongda uchalamiz birga bozorga ketdik. Bozorda ishlarni boshlab, savdo qildik. Shu kuni soat 11:00larda Akbar qo`shni do`konda savdo qiladigan odam tashlagan axlatlarini menga yig`ishtirib olishimni aytgani uchun o`zaro tortishib qoldik. “Xo`p”, deb buyruqni bajardim. Biroq menga “nega boshqa do`konlarning axlatini biz yig`ishtiramiz, ular boshqa-ku”, deganimda Akbar “pulingni to`laganimdan keyin nima ish bo`lsa qilasan”, dedi. Shu bilan kech soat 19:00larda uchchalamiz uyga qaytish uchun yo`lda ketayotganimizda, ikki sherigim do`kondan aroq, pivo, “sigaret”, salqin ichimlik, “tushonka”, non va tovuq “gril” olishdi. Keyin uchchalamiz birga o`tirib kechki ovqatni tanovul qildik. Akbar xontaxta atrofida men bilan qarama-qarshi, N.Mirzaev esa uning yonida o`tirgandi. Ikkalasi ichishni boshlashdi. O`zaro suhbat jarayonida Akbarga “bozorda noto`g`ri tanbeh berding. Qo`shni do`kon axlatini yig`ishtirish meni vazifamga kirmaydi”, dedim. Akbar “pulini to`laganimdan keyin xohlagan ishimni qildiraman”, deya kurakda turmaydigan so`zlar bilan haqorat qildi. Gapidan jahlim chiqib, “bunday og`ir gapirma, jahlim yomon. Urib qolishim mumkin”, dedim. Ikkalasi xontaxta oldida o`rnidan turdi. Shu payt Akbar menga musht ko`tardi, biroq tegmadi. Keyin xontaxta ustida turgan oshxona pichog`ini olib, “tiqaman” deya qo`limga oldim. “Agar pichoq tiqmasang”, deb onamni qo`shib, kurakda turmaydigan so`zlar bilan so`kdi. Pichoqni xontaxta ustiga qo`yib, qo`lim bilan yuzi va oyog`im bilan tanasining duch kelgan joyiga urdim. Hovliga chiqib, tamaki chekib qaytib kirdim.

Oldiga kirib, gaplashmoqchi bo`lganimda yana haqorat qilib, menga tashlandi. Itarib yuborgandi, divanga o`ng yon-bosh tomonim bilan yiqildim. Keyin xonada turgan bolg`ani olib, boshining orqa tomoniga 4-5 marotaba urdim. U yiqilib xushini yo`qotdi. Uning sport sumkasidan pasportim, sumkadagi 1 mln. 200 ming so`mni olib chiqib ketdim. Ko`chada Akbarning turmush o`rtog`iga qo`ng`iroq qilib, manzilini so`rab, erini urganimni aytish uchun oldiga “Kadisheva” bozori tomonga bordim. Bo`lib o`tgan holatni aytib, katta ko`chaga chiqib, “Qo`yliq” bozoridagi vodiyga qatnaydigan taksilar turar joyiga ketdim. 5 daqiqa o`tib, haydovchidan “orqamizdan mashina kuzatib kelmayaptimi?” deb so`raganimda, “yo`q” dedi. Keyin orqaga qaytib, marhumning uyi tomonga aylanib bordim. Shu payt orqamda mashina borligini sezib, aylanib yuraverdim. Bir soatlar o`tgach, fuqarolik mashinasidagi IIB xodimlari to`xtatib, IIB binosiga olib ketishdi... 

Oilaviy sharoitim og`ir, yolg`iz o`g`ilman, qaramog`imda qari kasalmand onam bor. Sodir etgan qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman, afsus-nadomat chekayapman. 

O`TA XAVFLI RESIDIVIST DEB TOPILDI

Sudlanuvchi JK 97-moddasi 2-qismining “j”, “l”, “r” bandlari va 169-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. JK 59-moddasiga asosan jazolarni qisman qushish yuli bilan uzil-kesil 15 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi JK 34-moddasi 3-qismining “a” bandiga asosan o`ta xavfli residivist deb topildi va jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o`tash tayinlandi.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1