O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Prezidentimizning Parlamentga yo`llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan asosiy vazifalar hamda “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish masalalariga bag`ishlangan maslahat uchrashuvi tashkil etildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabar bermoqda.
Unda Oliy Majlis Senati a`zolari, Vazirlar Mahkamasi mas`ul xodimlari, “Yuksalish” umummilliy harakati a`zolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Prezidentimizning Murojaatnomasida kelgusida Davlat dasturi ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazoratini keng yo`lga qo`yish, jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimini joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.
Shu bilan birga, 2021 yil 18 yanvar kuni Prezident raisligida o`tkazilgan yig`ilishda ham qarorlar ijrosini nazorat qilishning eng samarali vositasi – jamoatchilik ishtiroki va nazorati ekanligi ta`kidlandi. qolaversa, 10 fevral kuni 2021 yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlashga bag`ishlangan selektor yig`ilishida ham mas`ullarga bir qator vazifalar yuklatildi.
Ushbu maslahat uchrashuvida ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringini olib borish, mas`ul idoralar tomonidan ma`lumotlar taqdim etilishi va ularning ochiqligi bo`yicha kuzatilayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish to`g`risida so`z yuritildi.
Jumladan, Davlat dasturi ijrosi muddatlariga amal qilinmasligi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan bo`lsa-da, qabul qilinmasdan qolish holatlari, ijro muddatlari uzaytirilganligi to`g`risida jamoatchilikka axborot berilmasligi kabi kamchiliklarning mavjudligi tanqid qilindi. Bu borada ijro madaniyatini oshirish, jamoatchilik oldida hisobdorlikni kengaytirish, shuningdek, amalga oshirilgan loyihalar, ularga sarflangan mablag`lar va boshqa ma`lumotlar rasmiy veb-saytlarda e`lon qilib borish amaliyotlarini keng qo`llash bo`yicha tavsiyalar berildi.

Bu boradagi faoliyatni samarali tashkil etish maqsadida Senat hamda Harakat tomonidan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirish bo`yicha yaratilgan maxsus onlayn platforma taqdimoti bo`lib o`tdi. Taqdimotda platformaning ishlash tartibi, uning imkoniyatlari va kelgusida takomillashtirib borilishi to`g`risida batafsil axborot berildi. Xususan, davlat idoralariga va fuqarolarga ushbu platforma orqali Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarning ijro holati, ular doirasida qabul qilingan hujjatlar yuzasidan ma`lumotlarga ega bo`lishlari tushuntirildi. Platforma davlat dasturi ijrosining borishi yuzasidan fuqarolarni doimiy xabardor qilib borish, bajarilgan vazifalarning jamiyat hayotiga ta`sirini baholab borish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Senati, Hukumat tarkibiga kiruvchi davlat idoralari ishtirokida har hafta jamoatchilik eshituvlari va brifinglar tashkil etib borish, ushbu tadbirlarni bevosita hududlarda ham amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.






