Joriy yilda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan Xorazm, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasida nazorat tadbirlari o`tkazilgan. Bu haqda Markaziy bank ma`lum qildi.
Ushbu hududlardagi terminallardan foydalanishda kamchiliklarga yo`l qo`ygan tijorat banklariga nisbatan (Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank, Milliy bank, O`zsanoatqurilishbank, Ipoteka-bank, Hamkorbank, Qishloq qurilish bank, Asaka bank, Aloqabank, Turonbank, Trastbank, Ipak yo`li banki, Davrbank va Infinbank) belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qo`llanildi.
Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga terminallardan foydalanishda yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun zaruriy choralar ko`rish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi hamda ularning ijrosi doimiy nazoratga olindi.
Markaziy bank tijorat banklarini kelgusida ularning joylardagi barcha muassasalarida to`lovlarni terminallar orqali amalga oshirish holati bo`yicha nazorat tadbirlarini o`tkazishni davom ettirishi, shuningdek, tijorat banklaridan terminallardan foydalanishda qoidabuzarlikka yo`l qo`ygan bank xodimlariga nisbatan egallab turgan lavozimidan chetlatishgacha bo`lgan jazo choralari qo`llanilishini talab etishi to`g`risida ogohlantiradi.
Agar Sizning bank kartalari orqali to`lovlarni amalga oshirish bo`yicha tijorat banklari filiallariga so`rovingiz xodimlar tomonidan turli vajlar bilan rad etilsa, u holda ushbu holat yuzasidan Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki 📞(71) 212-60-15, (71) 212-73-80, (71) 212-60-94 telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin.






