AsosiyJamiyat

Terrorizm, ekstremizm va radikalizmni yoshlariga ta`siri va xavfini olidini olishga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi

'Terrorizm, ekstremizm va radikalizmni yoshlariga ta`siri va xavfini olidini olishga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi'ning rasmi

18 fevral kuni "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasining anjumanlar zalida "Terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda yoshlarning o`rni" mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi. 

Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduxakimov ochib berdi:

“Bugunga kelib butun dunyoda 7,9 milliard aholi yashayotgan bo`lsa, ularning 2,3 milliard nafarini yoshlar tashkil qiladi. O`zbekistonda 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar mamlakat aholisining 55 foizini (ya`ni 18 million nafarni) tashkil qiladi. Boshqa mamlakatlarda bo`lgani kabi ekstremizm, terrorizm va radikalizm kabi g`oyaviy tahdidlarning yoshlarimizga ta`siri boshqa omillar va xavflarga nisbatan yuqori. Xalqaro hamjamiyat, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan jahon miqyosida ushbu xavflarga qarshi kurashish bo`yicha muhim ishlar olib borilmoqda hamda ma`lum bir ma`noda ijobiy natijalarga erishilmoqda”. 

Aziz Abduhakimov O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2021 yil “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e`lon qilingani hamda joriy yilda Davlat dasturini amalga oshirish doirasida 29,5 trillion so`m va 2,6 milliard AQSh dollari hamda 57,3 million evro mablag` ajratilganini qayd etdi. Shu o`rinda “Mehr-1”,  “Mehr-2”, “Mehr-3” operasiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg`onistondagi harbiy lagerlar zonalaridan 200 dan ortiq ayollar va bolalarning O`zbekistonga olib kelingani qo`shimcha qilindi. 

Bundan tashqari, so`nggi uch yilda mamlakatdagi oliy ta`lim muassasalari soni 60 foizga oshgani va ayni damda ularning soni 116 tani tashkil qilishi qayd etildi.

Shundan so`ng Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Bosh kotibi Vladimir Norov so`zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2021 yilning “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e`lon qilganini yuksak e`tirof etdi va bu mamlakat yoshlarini vatanparvarlik hamda el-yurtga sadoqatli bo`lib etishishida muhim ekanini ta`kidladi. 

Tadbirda shuningdek Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining bosh kotibi Bog`dod Amreev, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash Kotibiyatining Ijrochi direktori Kayrat Saribay, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ijroiya qo`mitasi raisi, ijrochi kotibi Sergey Lebedev va boshqalar so`zga chiqishdi. Bundan tashqari, BMT Bosh kotibi o`rinbosari Vladimir Voronkov ilk bor O`zbekiston yoshlariga murojaat qildi.

Videokonferensiya 4 sessiyadan iborat bo`lib, unda xalqaro ekspertlar va xorijiy mamlakatlar kuzatuvchilari terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish bo`yicha samarali harakatlarni amalga oshirishga doir tajribalari bilan o`rtoqlashishdi.

Konferensiya doirasida Osiyoda o`zaro ishonch choralari bo`yicha Kengashi, ShHT, MDH va BMTga a`zo mamlakatlar yoshlari o`rtasida terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishishga e`tiborni yanada kuchaytirish, shuningdek, birgalikda samarali faoliyat olib borishga doir masalalar muhokama qilindi. 

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Osiyo o`zaro ishonch choralari Kengashi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), EXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi va BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan. 

 

    Boshqa yangiliklar