“Sun`iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etishuchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–4996-son, 17.02.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qaror bilan Sun`iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo`yicha 2021–2022 yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalar ro`yxati tasdiqlandi. Jumladan, quyidagi sohalarda sun`iy intellekt texnologiyalari qo`llaniladi:
- qishloq xo`jaligi sohasida: erni masofadan zondlash ma`lumotlari asosida tuproq va qishloq xo`jaligi ekinlari holatini, shuningdek, qishloq xo`jaligi texnikasi, shu jumladan kombaynlar ishini monitoring qilish;
- bank sohasida: tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ular tomonidan tartibga solish talablari (SubTech va RegTech) bajarilishini soddalashtirish, shuningdek, bank xizmatlari ko`rsatish sifatini tahlil qilish, foydalanuvchilarni masofadan biometrik identifikasiyalash (Face-ID) va kredit tavakkalchiliklarini baholash uchun;
- moliya sohasida: byudjet xarajatlari, pensiya, ijtimoiy va sug`urta to`lovlari, shuningdek, nafaqa to`lovlarini tahlil qilish va samaradorligini oshirish uchun;
- transport sohasida: lokomotivlarni boshqarish jarayonida ularning harakatini kuzatib borish va xavfli vaziyatlarda mashinistlarni ogohlantirishda, jamoat transporti harakatini tahlil qilish va ularning optimal yo`nalishlarini aniqlashda, shuningdek, avtomobil harakatini va transportdagi tirbandliklarni monitoring qilishda;
- sog`liqni saqlash sohasida: inson o`pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida ko`krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo`yish uchun;
- elektron hukumat sohasida: elektron davlat va moliya xizmatlarini ko`rsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikasiyalash (Face-ID) uchun.






