Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazi Brayl alifbosida chop etilgan O`zbekiston Konstitusiyasi va «Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida»gi qonuni, shuningdek, o`zbek tilidagi «BMTning nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasi» o`quv qo`llanmasi taqdimotini o`tkazdi.
Milliy markaz matbuot xizmati ma`lum qilishicha, tadbir EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu nashrlar Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy strategiyasini amalga oshirish doirasida Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz tomonidan EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko`magi bilan chop etildi.
Taqdimotda Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor so`zga chiqib, ishtirokchilarni Brayl alifbosida nashr etilgan yangi kitoblar bilan tanishtirdi.
Ma`ruzachilar mamlakatimizda birinchi marta Brayl alifbosida O`zbekiston Konstitusiyasi rasmiy nashri hamda 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan «Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risidagi» qonun nashr etilganini muhim qadam sifatida eʼtirof etdi.
Ta`kidlash kerakki, mamlakatimizda nogironligi bo`lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida imkoniyati cheklangan shaxslarga Konstitusiyamizda nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek O`zbekiston qo`shilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlar ta`minlanmoqda.
O`zbekiston rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi va tengligini kafolatlaydigan qator qonunlar qabul qilindi. Xususan, 2020 yil 15 oktyabr kuni qabul qilingan «Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida»gi qonun nogironlarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonunchilik hujjati hisoblanadi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi BMTning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasining asosiy qoidalarini amalga oshirishga, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining «Hech kimni ortda qoldirmang» tamoyilini bajarishga yordam beradi.
BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari boshqarmasi tomonidan nashr qilingan «BMTning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasi» o`quv-uslubiy qo`llanmasi Konvensiyaning asosiy qoidalari, uni ratifikasiya qilish, amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlari to`g`risida asosiy ma`lumotlarni o`z ichiga oladi.
Brayl alifbosida nashr etilgan ushbu kitoblar mamlakatimizda nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash va amalga oshirishga xizmat qiladi.