Jizzax viloyati Forish tumanida mast erkak tanishi bilan janjallashib, uni o`ldirib qo`ydi. Bu haqda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Forish tumani Mustaqillik mahallasida 15 fevral kuni soat 09:40 atrofida Kattasoy qishlog`ida joylashgan 74 maktabning yonidan jasad topilgan.
Tezkor tadbirlar davomida aniqlanishicha, marhum 14 fevral kuni kechki vaqtda hamqishlog`ining uyiga mehmon bo`lib boradi. Mehmondorchilikda bo`lgan 3 kishi o`rtasida ichkilik avj olib, janjal kelib chiqqan.
Mehmonlardan biri boshqa biriga nega singlim va qizimni xaqorat qilasan, deya boshiga aroq shishasi bilan jarohat etkazgan. Shundan so`ng ikki mehmon uyiga ketayotib yo`lda yana janjallashadi.
Erkaklardan biri bosh qismi va tananing boshqa sohalariga etkazilgan jarohat sabab erga yiqiladi. Tanishini uyiga olib borishga kuchi etmay, joyida qoldirib ketadi. Natijada og`ir jarohatlari sabab fuqaro voqea joyida vafot etadi.
Tergov harakatlari davomida marhum 38 yoshli vaqtincha ishsiz erkak ekanligi ma`lum bo`lgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.