AsosiyJamiyat

Kitobda pichoqlangan va bir ko`zidan ajralgan yolg`iz o`g`il ishi yuzasidan IIVga so`rov yuborildi

'Kitobda pichoqlangan va bir ko`zidan ajralgan yolg`iz o`g`il ishi yuzasidan IIVga so`rov yuborildi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan “Kitobda yolg`iz o`g`il pichoqlandi va bir ko`zidan ajraldi: zarar qoplanmadi, ish esa “bosti-bosti” qilindi” sarlavhali maqola muhokamalar markazida bo`lmoqda. Ushbu holat yuzasidan IIVga so`rov yuborildi, deya ma`lum qildi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.

Unda qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Shahzod Usmonovga o`z qarindoshi og`ir tan jarohati etkazgan. Jabrlanuvchiga tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan xolisona baho berilmasdan jinoyat ishi bosti-bosti qilib yuborilib, og`ir ijtimoiy sharoitda yashaydigan voyaga etmagan fuqaroga va uning onasiga nisbatan adolatsiz hukm chiqarilgan.  

Qolaversa, jabrlanuvchi Sh.Usmonov ichki ishlar xodimlari qattiq bosim qilganini, agar aybdor qamalib ketsa o`ch olishi mumkinligini ta`kidlagan.  

Hozirda jabrlanuvchining kassasiya shikoyati viloyat sudida qanoatlantirilgan bo`lib, jinoyat ishi noto`g`ri malakalangani sababli qayta ko`rish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudiga qaytarildi.

Ammo ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakati yosh, ulg`ayib kelayotgan insonning kelajak hayotiga befarq bo`lishi, davlat siyosatining mohiyatini tushunmasligi jamiyatda norozilikni keltirib chiqarishi mumkin.

Tabiiyki, ushbu holat senatorlarni ham befarq qoldirmadi. Shu bois, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan mazkur holat bo`yicha Kitob tumani ichki ishlar bo`limi xodimlarining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora ko`rilishini va tegishli axborot taqdim etilishini so`raydi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyat sudi mutasaddilari tomonidan jinoyat ishi holisona ko`rilishi, moddiy jixatdan qiynalgan oilaga adolat negizida qaror qabul qilinishini nazoratga olish so`raladi.

Shuningdek, ushbu holat Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi.

    Boshqa yangiliklar