2021 yil 3 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoevning “2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Davlat dasturida ko`plab sohalar qatori tibbiyot tizimida amalga oshirilishi mo`ljallangan eng muhim chora-tadbirlar o`rin olgan.
Davlat dasturiga binoan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug`ullanish uchun o`rta tibbiyot mutaxassislariga o`zini o`zi band qilish asosida faoliyat olib borishiga ruxsat beriladigan bo`ldi. Bu, albatta, o`rta tibbiyot xodimlari uchun katta imtiyozlardan biri.
Bu amaliyot ularning aholi salomatligini oshirishdagi mas`uliyatini oshiradi hamda tibbiyot ta`lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta`minlashda qo`l keladigan mexanizmdir.
Shuningdek, o`rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimi ham yanada takomillashtiriladigan bo`ldi. Xususan, Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari hamda tibbiyot kollejlari Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda tibbiyot oliy ta`lim muassasalari, boshqa turdagi klinikalarga biriktiriladi.
Bir so`z bilan aytganda, o`rta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda butunlay yangicha tizim joriy etilishi ko`zda tutilmoqda, deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabarida.






