AsosiyJamiyat

Mehnat daftarchasidagi xatolikni qanday to`g`rilash mumkin?

'Mehnat daftarchasidagi xatolikni qanday to`g`rilash mumkin?'ning rasmi

"Darakchi" tahririyatiga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro J.Mirmahmudovadan murojaat kelib tushdi:

— Mehnat daftarchaga lavozim noto`g`ri kiritilgan, lekin ishlayotgan mutaxassislik bo`yicha to`g`ri haq to`langan. Mehnat daftarchasidagi xatoni to`g`rilash imkoni bormi?

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi G`ayrat Ergashev bilan bog`landik...

— Mehnat daftarchasidagi xatoni to`g`rilashning imkoniyati mavjud. Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 29 yanvarda davlat ro`yxatidan o`tkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to`g`risida”gi Yo`riqnomaga asosan xodimning ishi, boshqa doimiy ishga o`tkazilishi va hokazolar to`g`risida noto`g`ri yoki noaniq yozuvlar aniqlangan taqdirda, ular bunday yozuvni kiritgan ish beruvchi tomonidan to`g`rilanadi va tasdiqlanadi. Yangi ish joyidagi ish beruvchi buning uchun xodimga tegishli yordam ko`rsatishi zarur. Mehnat daftarchasiga noto`g`ri yoki noaniq yozuv kiritgan korxona tugatilgan bo`lsa, bunday xatoni tuzatish mazkur korxona bevosita bo`ysunganyuqori tashkilot tomonidan (bunday tashkilot mavjud bo`lmagan taqdirda tegishli arxivlardan olingan ma`lumotlar asosida amalga oshiriladi), korxona qayta tashkil etilgan hollarda esa uning huquqiyvorisi tomonidan amalga oshiriladi.

Yuqoridagi qonun talabiga ko`ra, mehnat daftarchangizdagi xatolik bugungi kunda ishlab turgan korxonangiz tomonidan tuzatiladi. Mehnat daftarchasidagi ishga kirgan lavozimi emas, balki xatolik ravishda boshqasi yozilgan bo`lsa, xodimning pensiya yoshiga etgach, pensiyaga chiqish jarayonida ma`lum bir lavozimga berilgan imtiyozlardan foydalanishda ovoragarchiliklarga olib kelishi mumkin.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar