O`zbekiston va Italiya o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tizimli ishlar olib borilyapti, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Jumladan, Italiya sanoat sohasi ishbilarmonlar assosiasiyasi «Confindustria» bilan hamkorlikni kengaytirish va ushbu tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasini ochish masalalari ishlab chiqilmoqda. Ayni paytda ushbu assosiasiyaning O`zbekistondagi vakolatxonasi - «Confindustria Uzbekistan» prezidenti Luka Pikassoning O`zbekistonga tashrifi tashkilashtirilmoqda. L.Pikasso joriy yil mart oyida O`zbekistonga safar qilishi rejalashtirilgan. Tashrifdan asosiy maqsad «Confindustria Uzbekistan» uyushmasining Toshkentdagi vakolatxonasini ro`yxatdan o`tkazish va uning rasmiy ochilish marosimini tashkillashtirish, shu jumladan, turli vazirlik va idoralarda muzokaralar o`tkazishdan iborat.
«Confindustria Uzbekistan» faoliyati va Toshkentda uning vakolatxonasi ochilishi Italiya bilan iqtisodiy hamda investisiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish borasida muhim ahamiyatga ega.






