AsosiyJamiyat

Sudlarga apellyasiya, kassasiya tartibida murojaat qilish muddatlari qancha?

'Sudlarga apellyasiya, kassasiya tartibida murojaat qilish muddatlari qancha?'ning rasmi

"Darakchi" tahririyatiga Navoiy viloyati yashovchi fuqaro V.U.dan murojaat kelib tushdi:

— Ajrim haqidagi qarordan keyin apellyasiya muddati 20 kun ekan. Jinoyat, ma`muriy, iqtisodiy ishlarni ko`rishdagi apellyasiya, kassasiya va nazorat tartibida ko`rish muddatlari haqida ham ma`lumot bersangiz,iltimos.

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudi raisi vazifasini bajaruvchisi Malikaxon ZAKIROVA bilan bog`landik...

  • FUQAROLIK SUDLARIGA

FPKning 383-moddasiga ko`ra, taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil sudning hal qiluv qarori ustidan apellyasiya tartibida shikoyat qilishi mumkin, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan nizolar mustasno.

Prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida ko`rilgan ish bo`yicha, shuningdek taraflarning murojaati mavjud bo`lgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya protesti keltirishga haqli.

FPKning 385-1-moddasiga muvofiq, apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e`tiboran 1 oy ichida berilishi mumkin.

Belgilangan muddat o`tgandan keyin berilgan apellyasiya shikoyati (protesti) apellyasiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsga qaytariladi.

O`tkazib yuborilgan muddat, agar muddatni o`tkazib yuborish sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo`lsa, shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko`ra 1-instansiya sudining ajrimiga binoan tiklanishi mumkin. O`tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi masala ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qilinadi.

400-moddaga ko`ra, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar 1-instansiya sudining ajrimlari ustidan sud tomonidan ajrim chiqarilgan yoki yuborilgan kundan e`tiboran 20 kun ichida apellyasiya instansiyasi sudiga quyidagi hollarda sudning hal qiluv qaroridan alohida shikoyat qilishi va prokuror protest keltirishi mumkin:

1. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda;  

2. Sudning ajrimi ishning keyingi harakatlanishiga to`sqinlik qiladigan hollarda.  Birinchi instansiya sudining boshqa ajrimlari ustidan xususiy shikoyat (protest) berilmaydi, biroq bunday ajrimlarga qarshi e`tirozlar apellyasiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin. 

Shu kodeksining 405-1-moddaga ko`ra, kassasiya shikoyati (protesti) berish muddati ko`rsatilgan bo`lib, unda Kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi qabul qilingan kundan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga e`tiboran 1 yil ichida berilishi mumkin.

O`tkazib yuborilgan kassasiya shikoyati (protesti) berish muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko`ra, kassasiya instansiya sudining sudyasi tomonidan, basharti iltimosnoma kassasiya shikoyati (protesti) berish muddati o`tgan kundan e`tiboran 3 oydan kechiktirmay berilgan bo`lsa va o`tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkin. O`tkazib yuborilgan kassasiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash yoki tiklashni rad etish to`g`risida ajrim chiqariladi.

 

  • MA`MURIY SUDLARGA

MJtKning 324-1-moddasiga ko`ra, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish yuzasidan o`ziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyasiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli. Sudning ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish bo`yicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga 3 sutka ichida apellyasiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.

MJtKning 324-3-moddasiga ko`ra, birinchi instansiya sudining ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish bo`yicha qarori ustidan apellyasiya shikoyati (protesti) qaror o`qib eshittirilgan kundan e`tiboran 20 sutka ichida, o`ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs va jabrlanuvchi tomonidan esa, qarorning ko`chirma nusxalari ularga topshirilgan yoki ular tomonidan ushbu ko`chirma nusxalar olingan kundan e`tiboran xuddi shu muddatda berilishi mumkin. 

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat o`tkazib yuborilgan taqdirda, apellyasiya shikoyati (protesti) beruvchi shaxsning iltimosnomasiga ko`ra, qarorni chiqargan sud, agar muddatning o`tkazib yuborilganligi sabablarini uzrli deb topsa, o`tkazib yuborilgan muddatni tiklashga haqli bo`lib, bu haqda ajrim chiqariladi.

Sudning ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi qarori ustidan apellyasiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomani rad qilish to`g`risida ajrim chiqariladi, uning ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.

MjTKning 324-12 -moddasiga ko`ra, kassasiya shikoyati (protesti) bevosita Oliy sudga beriladi.

Kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan e`tiboran 6 oy ichida berilishi mumkin.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat o`tkazib yuborilgan hollarda, kassasiya instansiya sudi kassasiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga asosan, agar uni o`tkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, o`tkazilgan muddatni tiklashga haqli bo`lib, bu haqda ajrim chiqariladi.

Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksning 203-moddasida, agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo`lsa, apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e`tiboran 1 oy ichida berilishi mumkin.

Apellyasiya shikoyatini (protestini) berishning o`tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasi bo`yicha apellyasiya instansiyasi sudi tomonidan, apellyasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o`tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo`lsa, tiklanishi mumkin.

226-moddasiga ko`ra, "Kassasiya shikoyati (protesti) bevosita Oliy sudning Ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`atiga beriladi.

Shu kodeksining 227-moddasida, kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e`tiboran 1 yil ichida berilishi mumkin. Kassasiya shikoyati (protesti) berishning o`tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo`yicha kassasiya instansiyasi sudi tomonidan, agar kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o`tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo`lsa, tiklanishi mumkin.  Kassasiya shikoyati (protesti) berishning o`tkazib yuborilgan muddatini tiklash yoki uni tiklashni rad etish haqida ajrim chiqariladi.

 

  • JINOYaT SUDLARIGA

JPKning 497-4-moddasiga ko`ra, apellyasiya shikoyati va protestlari hukm e`lon qilingan kundan e`tiboran 20 sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko`chirma nusxasi topshirilgan kundan e`tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin.

Hukm ustidan shikoyat va protest berish uchun belgilangan muddat ichida ish suddan talab qilib olinishi mumkin emas. Taraflar shu vaqt mobaynida ish bilan sud binosida tanishishga haqli.

Belgilangan muddat o`tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi, bu haqda ularni bergan shaxslarga xabar qilinadi.

497-5-moddaga ko`ra, apellyasiya shikoyati yoki protesti berish muddatini tiklash tartibi ko`rsatilgan. Unda, xukm ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish muddati uzrli sabablarga ko`ra, o`tkazib yuborilgan hollarda apellyasiya shikoyati yoki protesti berish huquqiga ega bo`lgan shaxslar hukm chiqargan sudga muddatni tiklash so`ralgan iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin. Zarur hollarda, bu masala iltimosnoma bergan shaxsning ishtirokida hal qilinadi.

497-11-moddaga ko`ra, ish bo`yicha birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e`tiboran 20 kunlik muddatda ushbu Kodeksning 497-2-moddasida nazarda tutilgan shaxslar tomonidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest bildirilishi mumkin. Hukm chiqarish bilan yakunlangan sud muhokamasi chog`ida chiqarilgan ajrim ustidan shikoyat berilgan yoxud protest bildirilgan taqdirda, hukm ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish uchun belgilangan muddat tugagandan keyingina ish apellyasiya instansiyasi sudiga yuboriladi. Sud muhokamasi chog`ida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, prosess ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlashga, uni o`zgartirishga yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga taalluqli ajrimlar ustidan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berish va protest bildirish mumkin emas. Ularga qarshi e`tirozlar apellyasiya shikoyatiga yoki apellyasiya protestiga kiritilishi mumkin. Ushbu ish bo`yicha taraf hisoblanmagan shaxslar ham sud ajrimi ustidan, agar ajrim ularning manfaatlariga daxldor bo`lsa, shikoyat berishga haqli.

498-moddasiga ko`ra, 1-instansiya sudining apellyasiya tartibida ko`rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyasiya instansiyasi sudining hukmlari, ajrimlari kassasiya tartibida qayta ko`rilishi mumkin.

Kassasiya instansiyasi sudining qarorlari ushbu Kodeksning 497-19-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo`lganda Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o`rinbosarlari protestiga ko`ra takroran kassasiya tartibida qayta ko`rilishi mumkin. 

Ushbu kodeksining 500-moddasiga ko`ra, kassasiya shikoyati, protesti bevosita kassasiya instansiyasi sudiga – Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga beriladi. Agar shikoyatda, protestda quyidagi masalalar qo`yilgan bo`lsa, ishni kassasiya tartibida qayta ko`rishga faqat hukm qonuniy kuchga kirganidan so`ng 1 yil ichida yo`l qo`yiladi: 

1. Og`irroq jinoyat to`g`risidagi qonunni qo`llash zarurligi to`g`risida; 

2. Jazoni kuchaytirish to`g`risida yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o`zgartirishlar haqida; 

3. Oqlov hukmini yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi ajrimni bekor qilish to`g`risida.

 

  • IQTISODIY SUDLARGA

IPKning 259-moddasiga asosan «Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to`g`risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati berishga haqlidir. Prokuror, yuqori turuvchi prokuror faqat prokuror ishtirokida ko`rilgan ish bo`yicha, shuningdek taraflarning murojaati mavjud bo`lgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya protesti keltirishga haqli. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati berishga haqli, bundan tadbirkorlik sub`ektlari o`rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan nizolar mustasno.

      262-moddasiga kura, Agar qonun hujjatlarida boshqacha muddat belgilanmagan bo`lsa, apellyasiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e`tiboran bir oy ichida berilishi mumkin.

IPK ning 283 moddasiga ko`ra, birinchi instansiya sudining apellyasiya tartibida ko`rilgan hal qiluv qarori va apellyasiya instansiyasi sudining qarori ustidan berilgan kassasiya shikoyati (protesti) O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan ko`riladi»;

285-moddasiga kura, kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan e`tiboran bir yil ichida berilishi mumkin. Kassasiya shikoyati (protesti) berishning o`tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo`yicha kassasiya instansiyasi sudi tomonidan, agar iltimosnoma kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o`tgan kundan e`tiboran uch oy ichida berilgan va kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o`tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo`lsa, tiklanishi mumkin»;

Prezidentining  2020 yil 24 iyuldagi Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini  oshirishga  doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” gi N PF-6034 Faromniga muvofiq sud ishlarini nazorat tartibida ko`rish institutini tugatilib, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular o`rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilingan.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar