AsosiyJamiyat

Qumqo`rg`onda adolatsizlik avjga chiqdimi? Tuman hokimligi munosabat bildirdi

'Qumqo`rg`onda adolatsizlik avjga chiqdimi? Tuman hokimligi munosabat bildirdi'ning rasmi

Qumqo`rg`on tumani hokimligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tumanda adolatsizliklar avjga chiqqanligi va bunga sababchi sifatida tuman hokimiga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali qayta-qayta qilinayotgan video murojaatlardagi Qumqo`rg`on tumani hokimi Rahmatulla Gapparovning “Bobotog` suri qorako`lchilik” MChJning 300 bosh qo`yini olib ketganligi to`g`risidagi vajlar hech qanday asosga ega emas.

“Bobotog` suri qorako`lchillik” MChJning Qumqo`rg`on tumani hokimligiga yo`llagan bildirish xatida tuman hokimining ushbu holatga hech qanday aloqasi yo`qligi ma`lum qilingan.

Shuningdek, video murojaatlardagi tuman hokimi “Munchoqtepa” mahallasidagi maktab binosi hududidan ikki qavatli savdo do`koni qurib olganligi to`g`risidagi vajlar ham asossizdir.

Surxondaryo viloyati xalq ta`limi boshqarmasi va Qumqo`rg`on tumani xalq ta`limi bo`limining xatlariga asosan tumandagi 21-sonli umumta`lim maktabi hududidan 0,15 ga er maydoni tuman hokimining 05.02.2018 yildagi qarori bilan tuman hokimligi zaxirasiga olingan. Mazkur 0,15 ga er maydonida qurilgan sun`iy qoplamali mini stadion va ikki qavatli savdo do`koni tadbirkor O.Xoliyorovga tegishli.

Video murojaatlarda bozorning ro`parasida, temir yo`l yoqasida avtoturargoh uchun ajratilgan er maydonida savdo do`konlari qurilib, er maydonlari tuman hokimi tomonidan talon-taroj qilinganligi to`g`risidagi ma`lumotlar ham to`liq o`rganilmay bayon etilgan.

Mazkur do`konlar qurilgan er maydonlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 23 iyuldagi “Avtotransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablaridan kelib chiqqan holda tegishli komissiya  dalolatnomasiga asosan “Uz agro Qumqo`rg`on” MChJga 0.25 ga er maydoni avtomobillarni vaqtincha to`xtash joyi tashkil etish uchun ajratib berilgan.

Ushbu er maydoniga “Uz agro Qumqo`rg`on” MChJ engil konstruksiyali savdo do`konlari qurilishiga ruxsat so`rab yozgan xati va tegishli tashkilotlar tomonidan kelishilgan loyiha taklifga asosan engil konstruksiyali savdo do`konlari va avtoturargoh qurilishiga ruxsat etilgan.

Video murojaatda “Munchoqtepa” mahallasida joylashgan 2 gektar g`alla maydoni buzilib, noqonuniy ravishda metan gaz quyish shaxobchasi qurib olinganligi aytiladi.

Viloyat hokimining 2019 yil 11 yanvardagi qaroriga asosan tuman hokimligi zahirasidagi qishloq xo`jalik xaritasining 236q-dala konturidan 1 gektar er maydoni (2 gektar emas) avtomobillarni gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyasi (AGNKS) qurilish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan “Porloq Yulduz servis” MChJga ajratilgan.

“Porloq Yulduz servis” MChJ tomonidan 83 431 000 (sakson uch million to`rt yuz o`ttiz bir ming) so`m qoplama puli qishloq xo`jaligida ishlab chiqarish nobudgarchiliklarining o`rnini qoplash uchun viloyat Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasining maxsus hisob raqamiga to`lab berilgan.

Shuningdek, viloyat qurilish bosh boshqarmasi xati, “Qishloqqurilishloyiha” MChJ bosh loyiha qidiruv institutining xulosasiga asosan Shaharsozlik kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 25.02.2013 yildagi 54-sonli va 7.10.2015 yildagi 285-sonli qarorlari talablari asosida tumandagi “Munchoqtepa” mahallasi hududida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 9.06.2016 yildagi 06-29-35-sonli yig`ilish bayoniga asosan “Porloq Yulduz servis” MChJ tomonidan qurilishi rejalashtirilgan “Avtomobillarni siqilgan gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyasi” ob`ekti joylashuviga kelishilgan. Shunga muvofiq xozirda bu erda qurilish ishlari davom etayapti.

Video murojaatlarda aytilgan Qumqo`rg`on tumanining “To`g`on” mahallasi hududida joylashgan nosoz ko`prikning trubalari metan gaz quyish shaxobchasi qurilishiga ishlatib yuborganligi to`g`risida xabar ham haqiqatdan yiroqdir.

“Porloq Yulduz servis” MChJ tomonidan qurilayotgan metan gaz quyish shaxobchasi uchun “To`g`on” mahallasida joylashgan mazkur ko`prikning trubalari ishlatilmagan. “Avtomobillarni siqilgan gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyasi” ob`ekti qurilishi uchun 219 diametrli 150 metr trubalar shartnomaga asosida Termiz shahridan xarid qilingan.

Qumqo`rg`on tumanida bozorning yo`qligi, aholi qiynalayotganligi to`g`risida xabar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz:

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi “2017-2020 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualarini qurish dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori ijrosini taminlash maqsadida Qumqo`rg`on tumani “Oqsoy” mahallasidagi “Markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori” buzilib, o`rnida “Baraka savdo” MChJ tomonidan 3 qavatli savdo kompleksi hamda 250 o`rinli dehqon bozori qurilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyihalarga binoan 800 ta avtomobillar uchun avtoturargoh qurilishi ham rejalashtirilgan.

Xulosa o`rnida

Bugun Qumqo`rg`on tumanida amalga oshirilayotgan o`zgarishlar jarayonida ayrim masalalarni ijtimoiy tarmoqlarda bir yoqlama talqin qilish holatlari kuzatilmoqda. Yurtoshlarimizdan bunday mish-mishlar, yolg`on axborotlarga ishonmasliklaringizni so`raymiz.

Ijtimoiy tarmoqlardagi guruh administratorlari hamda shaxsiy akkaunt egalariga esa aholi orasida turli mish-mishlar paydo bo`lishiga, ularda salbiy fikr va ishonchsizlikni shakllantirishga olib keladigan ushbu mazmundagi yolg`on ma`lumotlarni tarqatish qonun oldida javobgarlikni keltirib chiqarishini eslatib o`tamiz”, deyiladi Qumqo`rg`on tumani hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabatida.

    Boshqa yangiliklar