AsosiyJamiyat

Samarqandda o`zganing xotiniga "ko`z olaytirgan" erkak ayolning yaqinlari tomonidan urib o`ldirildi

'Samarqandda o`zganing xotiniga "ko`z olaytirgan" erkak ayolning yaqinlari tomonidan urib o`ldirildi'ning rasmi

Samarqand viloyatida o`ylamay bosilgan qadam ayanchli oqibatlarga olib keldi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

Paxtachilik Feruza Mansurova (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`g`li Shohruhni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`­rikdan o`tkazish uchun tuman markaziy poliklinikasiga olib borgan chog`ida qo`l telefoniga notanish kishi qo`ng`iroq qiladi. Fe­ruza qo`ng`iroq qiluvchidan kimligini so`­raydi.

— Raimqul akangizman, — deya o`zini tanishtiradi qo`n­g`iroq qiluvchi. — Patir yopib charchamayapsizmi?

Feruza Raimqul degan tanishi yo`q­ligi, patirchi emasligini aytib, suh­batga yakun yasaydi. Ammo oradan chamasi ikki soatlar o`tgach, boyagi odam yana qo`ng`iroq qiladi. Ayol undan nima maqsadda qo`ng`iroq qilayotganini so`­raydi.

Shunda notanish erkak «Sizni yoq­tirib qoldim, birga bo`­laylik» deydi uyalmay-netmay.

— Men oilaliman, — deya tutaqib ketadi Feruza. — Eriga xiyonat qiladigan ayollardan emasman. Telefon raqamimni kimdan oldingiz?!

— Bilaman, — deydi Raimqul. — Eringiz Rossiyaga ishga ketgan, ikkimizning yaqinligimizni hech kim bilmaydi. Yaxshisi, biron-bir oshxonada o`tirib, bafurja gaplashib olaylik. O`shanda telefon raqamingizni kimdan olganimni ham aytaman.

Feruza kutilmagan bunday ochiq-oshkor surbetlikdan jahli chiqib turganda tasodifan qayinukasi Anvar kelib qoladi. Yangasining rangi-ro`yiga ko`zi tushgan Anvar salom-alikni ham unutib, «Tinchlikmi?» — deb so`raydi.

Alamdan yuragi to`lib turgan Feruza Anvarga qo`shni qishloqlik Raimqulning gaplarini oqizmay-tomizmay so`zlab beradi. Jahl­dan mushti tugilib, o`zini bazur bosib turgan Anvar yangasiga Raimqulga telefon qilishni, uning gaplarini eshitmoqchi ekanini aytadi.

Raimqul ayolning telefon qo`ng`irog`iga javob berish asnosida hamma savollarga javob beradi va uni yana uchrashuvga taklif qiladi. O`rtada bo`lib o`tayotgan suhbatni Anvar o`zini bazo`r bosgancha qahr-g`azab bilan tinglaydi.

— Ha, qo`shni qishloqlik Raimqulni yaxshi taniyman, —deydi Anvar. — U beva, eri xorijga ishga ketgan ayollarga ko`p ilakishadi, deb eshitganman. Jag`iga bir-ikki musht tushirib, sizga umuman gapirmaydigan qi­lib qo`ya­man…

Shunda Feruza qayinukasiga masalani janjalsiz hal qilish, Raimqulga yotig`i bilan tushuntirib, uni bu yo`ldan qaytarishni uqtiradi. Bu gap tashqariga chiqib ketsa, sha`niga dog` tushishi mumkinligini eslatadi. Anvar bunga rozi bo`lib, aka-ukalari bilan maslahatlashishini bildiradi.

Kechqurun Feruzaning ukasi Boybek, qayinukalar Anvar, Alisher va Bobosher Feruzaning uyida yig`ilishadi. Anvar ularga yangasining qo`l telefoniga yozib olingan Raimqulning ovozini eshittirib, qarindoshlardan bunga qanday chora ko`rish lozimligini so`raydi.

— Raimqulni aldab uchrashuvga chaqirib, ushlab olish kerak, — deydi Bobosher. — Keyin uni uchastka inspektoriga topshirishsak bo`ladi.

— Yo`q, — deya bu taklifga e`tiroz bil­diradi Anvar. —Bunday qilsak, u osongina qutulib ketadi. El og`ziga elak tutib bo`lmaydi, o`rtada yangamning «gap-so`z» bo`lgani qoladi.

— To`g`ri, u Mustafoqulning xotini bilan «yuraman», deb gap tarqatib yuborsa, hammamiz isnodga qolamiz, — deb fikr bildiradi Alisher.

— Unda opam telefon qilib, Raim­qulni ovloq joyga chaqirsin. Yaxshilab do`p­poslab, ko`zini ochib qo`yamiz. Shu bilan Raimqul opamga gap qotmaydi, ko`rsa, uzoqroqdan aylanib o`tadigan bo`ladi — deydi Boybek.

Ukasining taklifidan so`ng Feruza Mansurova Raimqulga qo`ng`iroq qiladi.

— Men roziman, — deydi Feruza yolg`ondakam. -Kech soat to`qqizlarda uyi­miz yaqinidagi eski bog`cha binosiga keling.

— Juda yaxshi, o`sha erga borgach, sizga o`zim qo`ng`iroq qilaman, — deya xushnud holda javob beradi Raimqul.

Uchrashuv muddati yaqin qolganida Anvar, Alisher, Bobosher va Boybek o`zlari bilan belkurak dastasi va bir do­na ayollar ro`molini olib, ancha yillardan beri qarovsiz yotgan bog`cha binosiga borib, Raimqulni poylab turishadi. Bir-ikki musht urib, Raim­qulni qo`rqitib qo`yish Feruzaning oldida nomigagina aytilgan po`pisa edi. Aslida esa, g`azabdan ko`zlari qonga to`lgan bu kimsalar Raimqulni o`ldirishni rejalashtirishgan edi.

Ko`p o`tmay Raimqul Feruzaga qo`ng`iroq qilib, uning uyi yaqiniga kelgani haqida xabar beradi.

— Siz bog`cha tomonga boravering, — deydi Feruza bamaylixotir. — Men birozdan so`ng o`zim etib boraman…

Boshida ajal o`tkir qilichini yalong`ochlab turganidan mutlaqo bexabar Raimqul Asqarov bog`cha hovlisiga qadam qo`yishi bilan kaltak ostida qoladi. o`azab otiga mingan to`rtovlon uni o`rtaga olib, tepkilagan ku­yi belkurakning yo`g`on dastasi bilan Raim­qulning duch kelgan joyiga urishadi.

Ketma-ket tepki va kaltak zarbidan erga yiqiladi. Xuddi shu paytda Boybek ro`molni eshgancha Raimqulni bo`ynidan bo`g`adi. Bir necha daqiqadan so`ng oyoq ostida toptalib yotgan Raim­qul qimirlamay qoladi.

Shunda Bobosher ariqdan idishda suv keltirib, Raimqulning yuziga sepib, uni hushiga keltirmoqchi bo`ldi. Afsuski, bu paytda u hayot bilan vidolashgan edi. Bundan talvasaga tushgan sheriklar endi murdani nima qilishni maslahat qilishadi. Uzoq tortishuvdan ke­yin murdani Narpay kanaliga tashlab yuborishga kelishishadi. Shundan so`ng qotillar Raimqulning jasadini avtomashinaga ortib, Paxtachi tumani hududidan oqib o`tuvchi Narpay kanaliga olib borishadi va uni suv qa`riga otishadi.

Sodir etilgan mudhish jinoiy qilmish tez orada fosh etildi. R. Asqarovni shafqatsizlarcha o`ldirgan qotillar tergov va sud jarayonida ayb­larini to`liq tan olishdi. Sud sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j», «p» bandlari va 267-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan ji­noyat­larni qasddan sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda ularning jinoiy qilmishni sodir etishdagi ishtirokchilik darajasi hi­sobga olindi. Sud hukmiga asosan Boybek Norqo`ziev o`n sakkiz yil olti oy, Anvar Asadov o`n olti yil, Alisher Asadov o`n besh yil uch oy, Bobosher Asadov o`n uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

    Boshqa yangiliklar