AsosiySiyosat

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo`yicha respublika kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi

'Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo`yicha respublika kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi'ning rasmi

 2021 yil 22 fevral kuni Xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlash bo`yicha Respublika kengashining videokonferensaloqa tizimi orqali navbatdagi yig`ilishi o`tkazildi. Unda Kengash a`zolari, oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.

 Yig`ilishda Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika kengashi raisi Tanzila Narbaeva Kengash faoliyatining 2020 yil yakunlari to`g`risida to`xtalib o`tdi.

Jumladan, 2020 yilda mamlakatimiz uchun ustuvor bo`lgan jami 13 ta xalqaro reytingda O`zbekistonning o`rni yaxshilanganligi, 3 ta xalqaro reytingda ilk marotaba e`tirof etilganligi qayd etildi.

Tadbirda vazirlik va idoralar tomonidan mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o`rniga ta`sir qiluvchi 12 ta Qonun, 3 ta Kodeks, 14 ta Prezident farmoni va qarori, 15 ta Hukumat qarori loyihalari ishlab chiqilganligi, ulardan 3 ta Qonun, Prezidentning 7 ta farmoni va qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilinganligi ta`kidlab o`tildi.

Xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida 20 dan ortiq turli seminarlar, uchrashuvlar tashkil etilganligi hamda “II Xalqaro reytinglar forumi”ning ahamiyati alohida e`tirof etildi.

Shuningdek, mamlakatimiz uchun ustuvor bo`lgan reytinglarni o`zida mujassam etgan “O`zbekiston xalqaro reytinglarda” yagona portali ishga tushirilganligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda hududlarning huquq ustuvorligi milliy indeksi ishlab chiqilganligi, unga asosan endilikda hududlarda huquq ustuvorligi va qonuniylikni ta`minlash, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining ijrosini tashkil etish holati o`rganilishi hamda jamoatchilikka e`lon qilib borilishi aytib o`tildi.

Shu bilan birga, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o`rni yaxshilangan bo`lsa-da, ularning tarkibiy indikatorlaridagi o`rnimiz pastligicha qolayotganligi qayd etilib, mas`ul vazirlik va idoralar tanqid qilindi.

Yig`ilish davomida Kengash ishchi organlari – moliya vaziri T.Ishmetov hamda adliya vaziri o`rinbosari X.Meliev O`zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o`rnini yaxshilash bo`yicha 2021 yilga mo`ljallangan chora-tadbirlar rejalari loyihalari to`g`risida axborot berdilar.

Xususan, joriy yil davomida 7 ta strategiya, 21 ta qonun, 2 ta konsepsiya, 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish ko`zda tutilganligi alohida ta`kidlab o`tildi.

Kengash ishchi organlari tomonidan ustuvor xalqaro reytinglarga mas`ul vazirlik va idoralarning amalga oshirayotgan ishlari samaradorligini oshirish bo`yicha qator takliflar bildirildi.

Jumladan, vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan tarkibiy bo`linmalari xodimlari uchun xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning ko`rsatkichlarini loyihaviy boshqaruvning xalqaro standartlari asosida yaxshilash bo`yicha maxsus amaliy-malaka oshirish kursini tashkil etish lozimligi taklif qilindi.

Shuningdek, har bir reyting e`lon qilinishi bilan vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan tarkibiy bo`linmalari xodimlari ishtirokida reyting natijalari muhokamasiga bag`ishlangan seminarlarni o`tkazib borish aytib o`tildi.

Yig`ilish yakunida Kengash a`zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar