Nigina yaxshi orzu-xavaslar bilan turmushga chiqdi. Ammo hayoti o`zi o`ylaganidek kechmadi. Oradan ikki yil o`tib, kelishmovchiliklar va tushunmovchiliklar sabab, uydan ketishga majbur bo`ldi. Ammo endigina yura boshlagan jondan aziz qizini o`zi bilan olib ketolmadi. Turmush o`rtog`ining qattiq qarshiligi bois, albatta. Mahalla va qo`ni-qo`shni bilan bir necha marotaba turmush o`rtog`ining uyiga borishlar befoyda bo`ldi, turmush o`rtog`i na yarashdi va na bolani berdi. Shundan so`ng N.Toshmurodova sudga murojaat qilishga majburi bo`ldi. Bu haqda MIB Darakchiga ma`lum qildi.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Kasbi tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor Jaddievdan undiruvchi Toshmurodova foydasiga 2019 yil 28 oktyabrda tug`ilgan voyaga etmagan farzandini onasi tarbiyasiga olib berish to`g`risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Kasbi tuman bo`limi ish yurituviga kelib tushdi.
Majburiy ijro harakatlari davomida joriy yilning 19 fevral kuni bola undiruvchiga olib berildi.
Byuro o`z vakolatlari doirasida vazifasini amalga oshirdi, ammo farzand yillar o`tib armon qilmasligi, ota-ona mehridan bahramand bo`lib voyaga etishga ming karra haqli ekanligini vaqtida anglab etish pushaymonliklar oldini olishini unutmaylik.






