AsosiyJamiyat

Sud orqali haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish mumkinmi?

'Sud orqali haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish mumkinmi?'ning rasmi

“Darakchi” tahririyatiga Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro S.Rajabovadan murojaat kelib tushdi:

— Sudning qaroriga ko`ra, menga 2 yil mud­datga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangandi. Hozirgi kunda tayinlangan jazoning yarmi­ni o`taganim sabab, haydovchilik guvohnomamni qaytarib olish uchun qanday yo`l tutishim kerak?  

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Ja`far Qurbonov bilan bog`landik...

— Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 343-moddasiga ko`ra, muayyan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs mehnatga halol munosabatda bo`lsa va namunali xulq-atvori bilan o`zini ko`rsatgan taqdirda hamda sud tomonidan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosining kamida yarmi o`tgach va tayinlangan jarima jazosi to`langach, faqatgina huquqbuzar ishlab turgan korxona, muassasa, tashkilot ma`muriyatining sudga kiritgan iltimosnomasi mavjud bo`lgandagina sizga nisbatan jazo qo`llagan ma`muriy sud bunday huquqdan mahrum qilish muddatini ko`rib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, fuqaro korxona, muassasa, tashkilotda haqiqatdan ham ishlayotganini tasdiqlovchi hujjatlar: ishga qabul qilinganligi haqida chiqarilgan buyruqning nusxasi, mehnat daftarchasining nusxasini ilova qilgan holda sudga taqdim etishi lozim.

  • TA`KIDLASh JOIZ...

Agarda shaxs 60 yoshdan oshgan, ya`ni mehnatga qobiliyatsiz bo`lsa unda yashash joyi bo`yicha mahalladan berilgan iltimosnomaga ham asoslanib ishni ko`rish mumkin. Bordiyu, shaxs jarima jazosini to`lamaganligi sababli Majburiy ijro byurosining qaroriga asosan ozod kilingan bo`lsa, unda sud tomonidan tayinlangan jarima to`lanmagan hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar