AsosiyJinoyat

Toshkentda fuqaro “Yandeks” taksining “Malibu”sidan foydalanib, odamlarni “uxlatib” ketdi

'Toshkentda fuqaro “Yandeks” taksining “Malibu”sidan foydalanib, odamlarni “uxlatib” ketdi'ning rasmi

MChJda katta dizayner bo`lib ishlaydigan, muqaddam bir necha bor sudlanishga ham ulgurgan 28 yoshli yigit “Yandeks” taksining “Malibu”sidan foydalanib, “olx.uz”ga e`lon joylagan sotuvchi va telefon apparatini harid qilmoqchi bo`lgan fuqaroni chuv tushirdi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat ALLABERGANOVA xabar qildi... 

Sudlanuvchi Toshkent shahar Mirobod tumani Afrosiyob ko`chasida bir qizga 2 dona “Iphone12 ProMax” rusumli uyali aloqa vositalarini sotishini aytib, uni aldaydi. Qizdan jami 2540 AQSh dollarini olib, va`dasini bajarmay, pullarni o`z extiyojiga ishlatib yuboradi.

Bundan tashqari, yigit Yashnobod tumani, Mirzo Ulug`bek ko`chasida joylashgan kafelardan birining yonida yana bir fuqaroning ishonchiga kiradi. Undan uch dona jami 4.500 AQSh dollari bo`lgan “Iphone12 ProMax 256 gb” rusumli uyali aloqa vositalarini egalab, o`n daqiqa ichida pullarini olib kelib berishini aytib, voqea joyidan yashirinadi.

“INTERNET TARMOG`IGA E`LON JOYLAShTIRDIM”

Sudda sudlanuvchi dastlab aybiga umuman iqror bo`lmadi...

— Aniq ismini eslay olmaydigan tanishim menga AQShdan “Iphone 12 Pro Max” rusumli uyali aloqa vositasini donasini 1270 AQSh dollaridan olib kelib berishini aytgandi. Ushbu uyali aloqa vositalarini AQShdan olib kelib berishi mumkinligi to`g`risida “olx.uz” internet tarmog`iga e`lon joylashtirdim. Shu orada menga bir qiz e`lon bo`yicha qo`ng`iroq qildi va telefon apparatlari haqida so`radi. Kelishib olib, u bilan uchrashdik, unga “Iphone 12 pro max” uyali aloqa vositalari qanday bo`lishini ko`rsatish maqsadida “olx.uz”da berilgan e`lonlardan biriga qo`ng`iroq qildim. So`ng Oybek metrosi oldidagi kafeda e`lon egasi bilan uchrashdik. Qiz telefon apparatlarini ko`rdi va sotib olishga rozi bo`ldi. Oldindan to`lov sifatida 2 ta telefon apparati uchun 2.540 AQSh dollari berdi. “Telefon apparatlarini 30 kun muddat ichida olib kelib beraman”, dedim. Qiz rozi bo`ldi, ammo o`sha kunning o`zida qiz kutilmaganda “pullarimni qaytarib bering”, deb qoldi. “Pulni tanishimga telefonlarni AQShdan olib kelish uchun berib yubordim”, dedim. Ammo qiz telefon apparatlarini yoki pullarni darxol berishimni so`radi. Bu 2 ta telefon apparatlari 2020 yil oxirida etib keldi, har biri uchun 1.350 AQSh dollari berdim. Qizning iltimosiga ko`ra, bu apparatlarni singlisiga berib yubordim...

“NOMA`LUM BO`LGAN JOYGA KETDI VA QAYTMADI”

Sudda ikkinchi jabrlanuvchi quyidagilarni bayon qildi...

— Dubayga dam olish uchun borgandim. Qarindosh va tanishlarim telefon apparatlari olib kelib berishimni so`rashgandi. Shu bois tanishlarim uchun 6 dona “Iphone 12 PRO MAX 256” rusumli telefonlarni har birini 1420 AQSh dollardan sotib oldim. O`zbekistonga qaytganimda, 3 donasini qarindoshlarimga sotib yubordim. Qolgan 3 donasini sota olmadim va “olx.uz” ijtimoiy tarmog`iga e`lon joyladim. Ularning har biriga 1515 AQSh dollaridan narh qo`ydim. Oradan vaqt o`tib, e`lon bo`yicha bir kishi qo`ng`iroq qildi. Ushbu 3 dona telefonlarni sotib olmoqchi ekanini aytdi. Yashnobod tumanida joylashgan kafe oldida uchrashishga kelishdik. Yo`lda kelayotganimda haridorga qo`ng`iroq qilganimda, kafe oldida oq rangli “Malibu”da kutib o`tirganini aytdi. “Malibu-1” turganini ko`rib, mashinamni o`sha mashina oldida to`xtatdim. Mashina oynasini taqillatganimda telefonda gaplashgan odamim ochdi. Biroz vaqt gaplashdik, “telefonlarni “shef”im va oilasi uchun olmoqchiman”, dedi. Har biri uchun 1500 AQSh dollar berishi va avvaldan tekshirib olishini aytdi, rozi bo`ldim. “Kutib turing”, deya “Malibu-1”ni yoqib qoldirdi. “Tekshirib darhol qaytaman”, deya 3 dona “Iphone 12 PRO MAX 256”ni olib, noma`lum bo`lgan joyga ketdi va qaytmadi.

“YaNDEKS” ILOVASI ORQALI ChAQIRGAN

“Mashina kimniki bo`lgan?” degan savol tug`ilishi tabiiy. Mazkur savolga javobni sudda so`roq qilingan guvohning bayon qilganlaridan topasiz...

— Sudlanuvchi bilan hodisa sodir bo`lgan vaqtdan bir necha oy oldin tanishib qolganmiz. Birinchi marta meni “Yandeks” ilovasi orqali chaqirgan va keyinchalik tez-tez qo`ng`iroq qilib chaqirib turgan. Shu sababli unga ishonishni boshlagandim. Kunlarning birida yana chaqirdi va kechga yaqin birga ovqatlanishni taklif qildi. Yashnobod tumanida joylashgan kafega bordik, tanovul qilib o`tirganimizda “Mashina kalitini bir necha daqiqaga berib tur”, dedi. Oldiga ish yuzasidan odam kelayotganini bildirdi. Unga ishonganim bois kalitni berdim. Ammo mashinasi ko`rinib turadigan joyga o`tirib, mashinaning bir qismini ko`rib turdim. Oradan bir necha daqiqa o`tgach, menga qo`ng`iroq qilib, ketaverishimni aytdi. Mashinaga o`tirganimda esa oldimga bir kishi kelib, ishonchimga kirib qolgan tanishimni so`radi va bo`lgan voqealarni aytib berdi. Shunda ishonch bildirganim firibgar ekanini tushunib etdim.

Sherzod EShMATOV, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi sudyasi: 

— Sud ish bo`yicha to`plangan dalillarga asoslanib, sudlanuvchining sodir qilgan jinoyati o`z tasdig`ini topgan hamda sudlanuvchining ko`rsatmasidan tashqari dalillar bilan isbotlangan, deb hisoblaydi.

SudlanuvchiJKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasiga asosan jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudining 2021 yil 18 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan ozodlikni cheklash jazosini qisman qo`shish yo`li bilan, uzil-kesil 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni o`tash uchun qattiq tartibli koloniyalarga yuborilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar