Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi O`zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi hamda “Global Communication Experts” agentligi bilan hamkorlikda Germaniya, Shveysariya va Avstriya mamlakatlarining 20 dan ortiq blogeri, xorijiy jurnalistlar, turistik hamda onlayn axborot agentliklari vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etdi.
Uchrashuvda xorijiy jurnalistlar va turizm sohasi vakillariga respublikamizda sanitariya-epidemiologiya xavfsizlik konsepsiyasiga muvofiq turistlarning mamlakatimizda xavfsiz sayohat qilishi maqsadida yaratilgan “Uzbekistan. Safe travel Guaranteed” tizimi haqida ma`lumot berildi.
Xorijiy blogerlar va turizm sohasi vakillari uchun Samarqand shahrining markazi bo`lgan qadimiy Registon maydonidan olib borilgan to`g`ridan-to`g`ri reportaj yuqori taassurot qoldirdi.
Ma`lumot o`rnida, “Global communication GmbH” kompaniyasi 2009 yildan beri Germaniya, Avstriya va Shveysariya bozorlarida turizm va mehmonxona sohalari vakillarining manfaatlarini ilgari surish uchun faol ishlab kelmoqda. 2019 yilda ushbu xorijiy kompaniyaning tovar aylanmasi 28 million evroni tashkil etdi. U Turkiya, Ispaniya, Indoneziya, Malayziya, Kosta-Rika, Isroil va Chilidagi sheriklari bilan hamkorlik qiladi.






