Toshkent er usti xalqa metrosining “Do`stlik-2” bekatidan “Qo`yliq” bekatigacha bo`lgan yo`nalishining 4-bekatida darcha hosil bo`lgani to`g`risida xabar tarqalgan edi. O`zbekiston Temir yo`llari AJ holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Xabarga ko`ra, ayni kunlarda “Do`stlik-2” – “Qo`yliq” yo`nalishi bekatlarida kabel uchun o`tkazish ko`prigi (kabelny mostik) qurish ishlari loyiha hujjatlariga asosan qurilishning II-bosqichida amalga oshirish rejalashtirilgan. Elektr kabellarini estakada ostki qismidan o`tkazish inshootlari qurilishi loyihalari ishlab chiqilib, o`rnatilgan tartibda ekspertizadan o`tkazilgan va ijobiy xulosa olingan. Bugungi kunda bekatlarda kabel o`tkazish ko`prigini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan “o`pirilish” metroning 4-bekatida quruvchilar tomonidan 24 fevral kuni tungi soat 00:00dan keyin, ya`ni metro poezdlari harakati to`xtatilgandan so`ng, kabel o`tkazish ko`prigini qurish uchun maxsus uskuna yordamida loyiha hujjatlariga asosan betonning bir qismi ochilgan. Metro estakadasi ostidan harakatlanuvchi piyodalar va avtomobillar xavfsizligini ta`minlash maqsadida tungi paytda ishlar tashkil qilinib, qurilish me`yor va qoidalari asosida amalga oshirilmoqda va mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan xavfsizlik qoidalariga rioya etiladi. Kabel o`tkazish ko`prigi qurilishi estakada mustahkamligiga zarar etkazmaydi.
Maxsus darcha ochish ishlari yakunlangandan so`ng yo`ldagi chiqindilar tozalangan.






