AsosiyJamiyat

Turkiya elchisiga O`zbekistonning ikki universiteti tomonidan faxriy professor unvoni berildi

'Turkiya elchisiga O`zbekistonning ikki universiteti tomonidan faxriy professor unvoni berildi'ning rasmi

Kecha,  23 fevral kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Turkiya Respublikasining O`zbekistonda o`z missiyasini tugatayotgan Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Erga faxriy professor unvoni topshirildi. 

Mehmet Sureyya Er mamlakatimizda turkshunoslik sohasi rivojiga katta hissa qo`shdi. 2019 yil noyabr oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegasiyasining Turkiyaga safarini amalga oshirishda hamda Anqara, Istanbul, Marmara, G`ozi, Anqara Hoji Bayram Vali universitetlari bilan anglashuv memorandumlari imzolashda amaliy yordam ko`rsatdi. Ushbu memorandumlar asosida turkiyalik professor-o`qituvchilar va Turkiyadagi vatandoshlarimiz TDShU o`quv jarayoniga onlayn tarzda jalb qilindi.

Uchrashuvda Mehmet Sureyya Er Turkiya va O`zbekiston ruhan bir-biriga yaqinligi, xalqlarimizni mushtarak tarix, til, din, madaniyat va qon-qardoshlik rishtalari bog`lab turishi, Movarounnahrda qadim sivilizasiyani boyitgan ko`plab olimlar etishib chiqqani, ularning asarlari hatto bugun ham qadriyatlarimizning jon tomirlarini tashkil etayotganiga to`xtalib, O`zbekistonga doimo ota yurt sifatida qarashini ta`kidladi. Mamlakatlarimizning umumiy tarixi o`zaro aloqalarning uzilmas vositasi bo`lib xizmat qilayotgani, O`zbekiston mustaqillikka erishgandan so`ng xalqlarimizning bir-biriga bo`lgan mehr-oqibati mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.

Ma`lumot uchun: xorijlik fuqaroga TDShU faxriy professori unvoni bundan 9 yil avval Koreya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Chon De Vanga topshirilgan ekan.

Bugun, 24 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ham Mehmet Sureyya Er janoblariga faxriy professor unvoni topshirildi. 

Mehmet Sureyya Er Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti va Turkiya OTMlari o`rtasidagi aloqlarni yangi bosqichga olib chiqishga katta xissa qo`shdi. Xususan, Elchi janoblarining bevosita sa`y-harakatlari natijasida Turkiyaning Anqara Hoji Bayram Vali universiteti, Istanbul Madaniyat universiteti, Marmara universiteti kabi nufuzli ta`lim muassalari bilan memorandumlar imzolandi. Shuningdek, ikki davlat OTMlari o`rtasida ilk bor magistrlik dasturi yo`lga qo`yildi. Bu esa O`zbeksiton va Turkiya oliy ta`lim tizimidagi hamkorlikning yangi sahifasi sifatida tarixga kirdi.  

Qayd etish kerakki, Mehmet Sureyya Erning Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida o`zbek tilini qisqa muddatda mukammal o`zlashtirgani o`zbek xalqiga bo`lgan cheksiz ehtiromning namunasidir. 

Uchrashuvlar so`nggida  Mehmet Sureyya Er o`ziga bildirilgan yuksak hurmat-e`tirom uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti rahbariyatlariga minnatdorlik izhor etdi hamda kelgusida ta`lim va ilm-fan sohasida yaqindan hamkorlik qilish niyati borligini alohida qayd etdi.

Farida Egamberdiyeva, jurnalist

    Boshqa yangiliklar