O`zbek tilida ish yuritishning huquqiy asoslari, amaliy imkoniyatlari va ilmiy negizlari uning rivojlanishini ta`minlay oladimi? Yurtimizda va xorijda o`zbek tilini o`rganishni targ`ib qilish, darslik, lug`at va qo`llanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy o`qitish uslublarini joriy etishdan davlatimiz va jamiyatimizga qanday manfaat bor? Global muloqot sharoitida tillarning o`zaro ta`sirini, ajnabiy so`zlarning milliy axborot makoniga kirib kelishini tartibga solish kerakmi?..
AOKAda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda “O`zbekistonda davlat tilida ish yuritish va uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati” mavzusida bo`lib o`tgan jonli muloqotda ana shunday jiddiy savollarga javob izlandi.
— O`zbek tilining jahon maydonida, Internet tarmog`ida munosib o`rin egallashi yangi milliy kompyuter dasturlarini yaratish masalasi bilan bevosita bog`liq, — dedi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bo`lim boshlig`i Shaxobiddin Musaev. — Albatta, bu borada amaliy ishlar boshlangan. Davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovasion texnologiyalar, sanoat, iqtisodiyot, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot, arxitektura, qishloq xo`jaligi kabi muhim sohalar faoliyatida to`liq davlat tilida ish yuritishga o`tilgani bu ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo etadi.
Muloqotda ta`kidlanganidek, ayni paytda yurtimizda birinchi navbatda ta`lim-tarbiya jarayonlari va OAV faoliyatining o`zbek tilida olib borilishi eng muhim jihat hisoblanadi.







