Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o`qishda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi (Jinoyat kodeksi, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks, Axborotlashtirish to`g`risidagi qonuni) O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi bo`yicha jurnalist va blogerlarning hadik-xavotirli chiqishlarini o`qidim.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari Odiljon Tojiev ayrim mulohazalarini aytdi.
"Avvalo, deputatlar mazkur qonun tashabbuskorlari fikrini eshitdi va konseptual jihatdan shunday qonun qabul qilishga zarurat bor, degan to`xtamga kelindi, ya`ni birinchi o`qishda qabul qilindi, loyiha ustidagi muhokamalar endi boshlandi. Ma`lumot o`rnida: mazkur qonun loyihasi taklif va mulohazalar bildirish uchun 19 fevral kuni rasmiy saytimizga yuklangan.
Mazkur qonun loyihasida yolg`onga qarshi kurashish, so`z erkinligini hurmat qilish, turli sanksiyalanmagan da`vatlarning oldini olish va jamoatchilikka tarqatilayotgan axborotga nisbatan mas`uliyatli bo`lishga chorlov bor, xolos. Niyat shu ekani ochiq-oydin haqiqatdir.
Jurnalist va blogerlarning qonun loyihasiga, fikrning mazmuni va xulosalar turfaligidan qat`i nazar, jo`shqinlik bilan munosabat bildirgani, muhokamalar bo`layotgani yaxshi. Qonunchilik palatasi, hususan, qonun tashabbuskorlari bu taklif va mulohazalarni, albatta, atroflicha ko`rib chiqadi, keyingi o`qishlarda barcha jihatlar muhokama qilinadi.
Qo`shimcha qilib aytamanki, yaqin orada Parlamentning ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash masalasida davra suhbati tashkil etamiz", — deyiladi xabarda.






