AsosiyJamiyat

Ko`priklar faqat shahar uchun emas, balki qishloq hududlarida yashovchi aholi uchun ham barpo etilishi kerak — Rasul Kusherbaev

'Ko`priklar faqat shahar uchun emas, balki qishloq hududlarida yashovchi aholi uchun ham barpo etilishi kerak — Rasul Kusherbaev'ning rasmi

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev Telegramdagi shaxsiy sahifasida katta avtomobil yo`llarida qulaylik yaratish kerakligi haqida fikr bildirdi.

Katta avtomobil yo`llarini kesib o`tishda piyodalar uchun er usti o`tish ko`prigi bo`lsa ancha-muncha xavfsizlik ta`minlangan bo`lardi. Buni Toshkent shahrida qurilayotgan ko`priklar misolida ko`rib turibmiz.  

Biroq bunday ko`priklar faqat shahar uchun emas, balki qishloq hududlarida yashovchi aholi uchun ham barpo etilishi kerak.  

Masalan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 noyabrdagi 927-son qaroriga asosan tasdiqlangan dasturning (3-ilova) 16-bandida Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanidan o`tuvchi "Toshkent-Termez M-39" avtomobil yo`li hududida 2019-2020 yillar davomida 2 ta piyodalar uchun er usti o`tish ko`prigini qurish belgilangan edi. Qiymati 15 mlrd. so`mlik loyihani amalga oshirishga Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi va "Yo`l-loyiha" MChJ mas`ul etib belgilangan. Moliyalashtirish 2019 yilda amalga oshirilishi kerak bo`lgan ushbu qaror hali ham kuchda.  

Lekin 2021 yilning shu kuniga qadar bu ko`priklar qurilmadi, yo`lning ikki tomonida yashovchi aholi, ayniqsa bolalar maktab va boshqa ob`ektlarga qatnashda hayotini xavfga qo`yib, yo`lni kesib o`tishda davom etmoqda.  

Bizga esa Hukumat tomonidan tasdiqlangan dasturdagi masala nima uchun amalga oshirilmagani qiziq. Qachon ko`prik bo`ladi?  

Bu savollar bo`yicha mas`ul Avtomobil yo`llari qo`mitasiga so`rov kiritdik. Umid qilamizki(qaror "otmen" bo`lmasa), kech bo`lsa ham hukumat qarori ijro etilib, masala o`z echimini topadi.

    Boshqa yangiliklar