20 fevral kuni Farg`ona shahar IIO FMB boshlig`i nomiga tovlamachilik yuzasidan murojaat kelib tushgan. O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ushbu murojaat tavsilotlari haqida ma`lumot berdi.
Xabar qilinishicha, 23 yoshli Munojatxon F., ariza bilan murojaat qilib, unda tanishi 23 yoshli Zarina Q., sir saqlanishi lozim bo`lgan foto va videotasvirlarni turmush o`rtog`iga ko`rsatmasligi evaziga 1.500 AQSh dollari talab qilayotganligini ma`lum qilib, Zarina Q.,ga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini so`rab murojaat qilgan. O`z navbatida, o`tkazilgan tezkor-tadbir davomida, Farg`ona shahrida joylashgan “555” nomli kafeda Zarina Q. bilan va 21 yoshli Mafruza I.,lar tovlamachilik yo`li bilan Munojatxon F.,dan 1.500 AQSh dollar pul mablag`larini olayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Farg`ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi katta tergovchisi X.O.Juraev tomonidan Zarina Q., va Mafruza I.,larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.






