Toshkentdagi tug`ruqxonalarning 14 nafar mansabdori jarimaga tortildi — ular chaqaloqlarni ro`yxatdan o`tkazmagani aniqlandi.
Davlat xizmatlari agentligi yanvar oyida Toshkent shahridagi tug`ruqxonalar tomonidan tibbiy ma`lumotlarini axborot tizimiga kiritish va FHDYo bo`limlariga yuborish holatini o`rgandi.
Agentlik matbuot xizmati xabariga ko`ra, buning natijasida tug`ilganlik haqidagi 703 ta hamda perinatal o`lim bo`yicha 3 ta ma`lumotnoma tizimga kiritilmagani aniqlangan. Qolaversa, tug`ilganlik haqidagi 888 ta ma`lumot belgilangan muddatdan kechikib kiritilgan.
«Buning oqibatida, aniqlangan holatlar yuzasidan 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma`muriy jarima jazo chorasi qo`llanildi», — deyiladi xabarda.
Hukumat qaroriga binoan mas`ullar bola tug`ilgandan so`ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma`lumotlarni «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuborishi va QR-kod qo`yilgan blankda ma`lumotnoma shakllantirilishi lozim bo`lgan.